Alisher NAVOIY




Siz buyuk bobokalonimiz hazrat Alisher Navoiy haqida ko‘p eshitgansiz, kitoblar o‘qigansiz va balki atoqli yozuvchi Oybekning «Navoiy» romani asosida suratga olingan ko‘p qismli videofilmni ham tomosha qilgansiz. Qolaversa, o‘tgan yilgi adabiyot darslarida hazratning hayoti va ijodiy faoliyatiga oid ma’lumotlarni qunt bilan o‘rgangansiz. Har yili 9-fevralda – shoirning tavallud ayyomida Toshkent shahridagi Milliy bog‘ hamda yurtimizning turli go‘shalarida o‘rnatilgan haykallari poyiga gullar qo‘yib, ul zot xotirasini yod etish an’anaga aylanganini ham bilasiz. Nima uchun shoir bobomizga shunday ehtirom va e’zoz bildiramiz? Nega asarlarini qayta-qayta nashr etib keng targ‘ib qilamiz? Chunki Darhaqiqat, bobomizning mustaqillik yillarida nashr etilgan yigirma jildlik mukammal asarlari to‘plamiga kirgan she’r-u dostonlari, ilmiy va tarixiy asarlari, xotira va yozishmalari ruhiy dunyomizni nihoyatda boyitadigan, aql-tafakkurimizni charxlaydigan, yurtimiz tarixi va uning buyuk siymolari haqida juda qimmatli ma’lumotlar beradigan asarlardir. Mazkur asarlarning orasida besh ulug‘vor dostonni o‘z ichiga olgan «Xamsa», ayniqsa, alohida e’tiborga sazovor. Siz avvalgi sinflarda bobomizning ijodiy faoliyatlari bilan tanishganingizda, «Xamsa» yaratish juda mushkul, ammo sharafli hodisa hisoblanganini, jahon adabiyotida xamsanavislar ko‘p bo‘lgan-u, ammo mukammal «Xamsa» yaratish faqat ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy, hind adibi Xisrav Dehlaviy va fors-tojik adabiyoti namoyandasi Abdurahmon Jomiyga, o‘zbek hamda boshqa turkiy adabiyot vakillari orasida esa faqat Alisher Navoiyga nasib etganini bilib olgansiz.


Adabiyot 6-sinf II kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz