UCHTADAN OXIRI BOR ERTAKLAR TURKUMIDAN




HURISHNI EPLOLMAGAN KUCHUKCHA

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, hurishni eplolmaydigan bir kuchukcha bo‘lgan ekan. U na hura olarkan, na miyovlay olarkan, na ma’rashni va na kishnashni bilarkan, qisqasi, hech bir maxluq tilida gapirishni uddalay olmaydigan shunday bir go‘rso‘xta ekan. Asli-naslini so‘rasangiz, o‘zi bir mushtdaygina, juda ham oddiy kuchukcha ekan. Ilgarilari kuchuk asari ko‘rinmaydigan bu qishloqda uning qayerdan paydo bo‘lib qolganini hech kim bilmas ekan. Albatta, shundoq bo‘lgandan keyin «men nega hurishni bilmayman-a?» degan o‘yni xayoliga ham keltirmas ekan. Lekin kunlarning birida kimdir uni savolga tutibdi:

– Qiziq, sen nega sira hurmaysan?
– Hurish?.. Bu nima deganingiz? Axir men bu yerlik emasman, men hurishni bilmayman...
– Obbo jinqarcha-yey! Nahotki, hamma kuchuklar vov-vov deb hurishini bilmasang?
– Nimaga huradi?
– «Nimaga» deganing nimasi? Axir kuchuk bo‘lgandan keyin huradi-da! O‘tkinchilarga qarab huradi, ko‘ziga shubhali ko‘ringan mushuklarga qarab huradi. Oyga qarab huradi, hayotidan mamnun bo‘lganda huradi. Jahli chiqqanda, g‘ashi kelganda huradi. Ko‘pincha kunduz kunlari huradi, lekin tunda hurgan paytlari ham bo‘ladi.
– Gapingizda jon borku-ya, lekin men...
– Sen o‘zi kim bo‘libsan? Yoki sen to‘g‘ringda gazetalarda yozishlarini xohlaysanmi?
Kuchukcha nima deb javob berishni bilmay, jimib qolibdi. U hurishni bilmagani uchun ham uni qanday o‘rganishga aqli yetmabdi-da.
– Unday bo‘lsa, men nima qilsam, sen ham shunday qil, – kuchukchaga ichi achiganidan maslahat solibdi xo‘rozcha. U o‘zining jarangdor tovushi bilan bo‘ynini gajak qilib bir necha marta «Qu-qu-qu-quvvv!» deb qichqiribdi.
– Bu sen o‘ylaganchalik osonga o‘xshamaydi, – debdi kuchukcha.
– Be, shu ham gap ekanmi! Yaxshilab quloq sol, mening tumshug‘imga diqqat qil. Qisqasi, men nima qilsam, sen ham shunday qil.
Xo‘rozcha yana «qu-qu-qu-quvvv!» deb qichqiribdi.
Kuchukcha unga taqlid qilmoqchi bo‘libdi-yu, biroq tomog‘idan qandaydir beo‘xshov «qih-qih» degan ovoz chiqibdi, xolos. Shu yerda donlab yurgan tovuqlar cho‘chib har tomonga qochib qolibdi.
– Hechqisi yo‘q, – tasalli beribdi xo‘rozcha, – birinchi martaga bu juda yaxshi chiqdi. Endi esa takrorla. Qani!
Kuchukcha yana bir marta qichqirishga urinib ko‘ribdi, biroq yana hech narsa chiqmabdi. Shunda u kunda-kunda oz-ozdan mashq qila boshlabdi, goho u o‘rmonga kirib ketarkan-da, u yerda xalaqit beruvchi hech kim bo‘lmay, ko‘ngli istagancha qichqirar ekan.
Kunlardan bir kun ertalab u shunaqangi qotirib qichqiribdiki, azbaroyi ovozi tiniq va jarangdor chiqqanidan o‘zi ham

zavqlanib ketibdi. Xo‘roz qichqirig‘i qulog‘iga chalingan tulkivoy o‘zicha: «Xudoga shukur, xo‘rozvoy holimdan xabar olgani keldi! Bu himmati uchun unga darrov minnatdorchilik izhor qilib qo‘yishim kerak», – deb o‘ylabdi o‘zida yo‘q suyunib. U xo‘rozcha istiqboliga oshiqibdi. Albatta, pichoq, vilka va salfetka olishni ham unutmabdi, chunki o‘zingizga ma’lumki, tulki uchun babaq xo‘rozdan shirinroq taom dunyoda bo‘lmaydi. Lekin babaq xo‘roz o‘rniga dumida cho‘nqayib o‘tirgancha ovozining boricha paydar-pay «qu-qu-qu-quvvv!» deb qichqirayotgan kuchukchani ko‘rganda, tulkivoyning qanchalik hafsalasi pir bo‘lganini aytmasa ham o‘zingiz bilsangiz kerak.
– Eh, – debdi tulkivoy, – bu ahvolda qopqonga tushib qolmasam go‘rga edi!
– Qopqonga deysanmi? – ajablanib so‘rabdi kuchukcha.
– Ha-da! Men seni ataylab o‘zini o‘rmonda adashib qolganga solib, xo‘roz bo‘lib qichqiryapsanmi deb o‘ylabman. Yaxshiyamki, paytida ko‘rib qoldim seni. Lekin bunday ov qilish g‘irromlikdan boshqa narsa emas. Kuchuklar, odatda, ovchi kelayotganidan ogohlantirib, hurib ovoz beradilar.
– Yolg‘on gapirsam, o‘lay agar... Ov qilish mening xayolimga ham kelgani yo‘q. Men bu yerga faqat mashq qilgani kelganman.
– Mashq qilgani kelganman deysanmi? Nimani mashq qilasan?
– Men hurishni o‘rganyapman, ancha o‘rganib qoldim ham.
Quloq solgin-a, juda yaxshi hura olaman.
Shunday deya kuchukcha yana «qu-qu-qu-quvvv!» deb baralla qichqiribdi.
Tulki ichaklari uzilgudek qotib-qotib kulibdi. Yerga dumalab, qornini ushlab shunaqangi kulibdiki, sira o‘zini to‘xtatolmabdi. Kalaka qilib kulganlaridan kuchukcha qattiq xafa bo‘libdi: axir buni o‘rganguncha ozmuncha mehnat qildimi! Bechora yig‘lamoqdan beri bo‘lib, dumini qisgancha uyga qaytibdi. Bir vaqt yo‘lda u bir kakkuga duch kelibdi. G‘amgin ketayotgan kuchukchani ko‘rib, kakkuning unga rahmi kelibdi va ko‘ngil so‘rabdi:
– Senga nima bo‘ldi, kuchukvoy, tinchlikmi?
– Hech narsa bo‘lgani yo‘q.
– Bo‘lmasa nega buncha g‘amgin ko‘rinasan?
– Eh... so‘rab nima qilasan?.. Hamma balo hurishni eplolmaganimdan. Buning ustiga, birov o‘rgatib qo‘yay ham demaydi.
– Gap faqat shunda qolgan bo‘lsa, men senga ko‘z ochibyumguncha o‘rgatib qo‘yganim bo‘lsin. Yaxshilab quloq sol, men sayrayman: kuk-ku, kuk-ku! Bildingmi?
– Unchalik qiyinga o‘xshamayapti...
– E, oppa-oson! Men juda kichkinaligimdan kukulashni bilaman. Qani, takrorla: «Kuk-ku, kuk-ku, kuk-ku, kuk-ku!..»
– Ku, – sayrashga urinibdi kuchukcha, – ku...
U mana shu «kuk-ku»ni yana ko‘p martalab takrorlabdi, o‘sha kuni kechgacha va ertasiga ham faqat shuni mashq qilibdi, bir haftadan keyin esa ajabtovur kukulaydigan bo‘lib qolibdi. U o‘ziga o‘zi qoyil qolib, o‘ylabdi: «Mana, nihoyat, men chinakam huradigan bo‘lib qoldim. Endi meni hech kim kalaka qilib ustimdan kulolmaydi».
Ayni shu kunlari ov mavsumi boshlangan paytlar ekan. O‘rmonda ko‘p ovchilar paydo bo‘libdi. Ular ichida to‘g‘ri kelgan tomonga va duch kelgan jonivorga qarab o‘q otaveradiganlari ham bor ekan. Agar ovozlari quloqqa chalingudek bo‘lsa, bulbullarni ham ayab o‘tirishmas ekan. Ana shunday ovchilardan biri o‘rmonda ketayotib butalar orasidan: «Kuk-ku, kuk-ku...» degan ovozni eshitib qolibdi. Ovchi darhol miltig‘ini qo‘liga olib mo‘ljallabdi-da, ustma-ust: «Paq-paq!» – o‘q uzibdi.
Xayriyat, o‘q kuchukchaga tegmabdi. Xuddi qulog‘ining ostidan vizillab o‘tib ketibdi. Bechora kuchukchaning shunaqangi o‘takasi yorilibdiki! Qochib ketayotib, o‘zicha o‘ylar emish: «Hoynahoy, bu ovchining esi joyida bo‘lmasa kerak, bo‘lmasa, kelib-kelib hurishni biladigan kuchukka qarab o‘q uzadimi?..»
Ovchi esa bu paytda o‘ljasini qidirish bilan ovora ekan. U mo‘ljalga aniq urganiga shubha qilmagan ekan-da.
«Hoynahoy, urgan qushimni allaqayoqdan paydo bo‘lgan haligi kuchukcha ilib ketgan», o‘ylabdi u.
Alamini bosish uchun ovchi inidan mo‘ralab turgan sichqon bolasiga qarab o‘q uzibdi, lekin bu ham mo‘ljalga tegmabdi.
Kuchukcha bo‘lsa, chopib ketaveribdi, ketaveribdi...
Ertakning birinchi tugashi
Kuchukcha chopib ketaveribdi, ketaveribdi, bir vaqt bir sigir bemalol o‘tlab yurgan o‘tloqzordan chiqib qolibdi.
– Qayoqqa shoshib ketyapsan, kuchukvoy?
– O‘zim ham bilmayman.
– Unday bo‘lsa to‘xtab birpas damingni ol. Bu yerning o‘tlog‘ini qara, ko‘m-ko‘k.
– Eh, gap o‘tloqda bo‘lganda-ku, o‘zim bilardim-a...
– Ha, nima bo‘ldi? Tobing yo‘qmi?
– Undan battari. Men hurishni bilmayman!
– Seni qara-yu, dunyoda eng oson narsa shu-ku! Quloq sol:
«Mo‘-o‘! Mo‘-o‘! Mo‘-o‘!..» Xo‘sh qalay, yoqdimi?
– Durust. Lekin bir narsani ko‘nglim sezib turibdi, menga kerak bo‘lgan narsa bu emas. Chunki, sen sigirsan...
– Ha, albatta, sigirman...
– Men esa sigir emas, kuchukchaman.
– Kuchukcha bo‘lmay nimasan? Kuchukchasan. Xo‘sh, nima bo‘pti shunga? Mening tilimda gapirishni o‘rganib olsang, buning nimasi yomon ekan?
– Bu bilan sen juda zo‘r fikrni o‘rtaga tashlaganingni bilasanmi?
– Qanaqa fikrni?

– Mana, hozirgina mening miyamga kelgan fikrni-da. Men barcha hayvonlar tilini o‘rganib olaman-da, sirkda tomosha ko‘rsataman. Hamma meni olqishlab qarsak chaladi, men boyib ketaman va shoh qiziga uylanib olaman. Kuchuklar shohining qiziga, albatta...
– Barakalla, juda yaxshi o‘ylabsan buni! Qani, belni mahkam bog‘lab ishga kirishaver. Yaxshilab eshitib ol: «Mo‘-o‘-o‘! Mo‘-o‘-o‘!»
– Mo‘-o‘...– o‘zicha g‘o‘ng‘illabdi kuchukcha.
Hurishni eplolmagan, lekin boshqa tillarni o‘rganishda zo‘r qobiliyatga ega bo‘lgan kuchukcha qaysi desa, hech ikkilanmay shuni ko‘rsatavering, yanglishmaysiz.

Ertakning ikkinchi tugashi

Kuchukcha chopib ketaveribdi, ketaveribdi... Yo‘lda unga bir dehqon uchrabdi.
– Buncha shoshib, qayoqqa ketyapsan, hoy kuchukvachcha?
– O‘zim ham bilmayman...
– Unda men bilan yur. Menga xuddi senday bir kuchukvachcha juda zarur edi – tovuqxonamni qo‘riqlaysan.
– Siz bilan jon deb borar edim-u, lekin bir aybim bor – hurishni bilmayman.
– Ayni muddao-da! Hurishni biladigan kuchuklar faqat o‘g‘rilarga qo‘l keladi – cho‘chitib o‘g‘rini qochirib yuboradi. Sening ovozingni esa ular eshitmaydi, yaqinroq keladi, shunda sen ularni shappa tutib olib, talab-talab tashlaysan, ular qilmishiga yarasha jazosini oladi.
– Bo‘pti, roziman, – deb javob beribdi kuchukcha.
Shu tariqa hurishni bilmaydigan kuchukcha o‘ziga munosib ish topib olibdi, bir umr bo‘yniga zanjir tushib, kunda bir kosa suyak nasibasi bo‘libdi.


Ertakning uchinchi tugashi

Kuchukcha chopib ketaveribdi, chopib ketaveribdi... Birdan qulog‘iga qandaydir maxluqning: «Vov-vov! Vov-vov!» degan g‘alati ovozi chalinibdi-yu, taqqa to‘xtabdi.
«Qulog‘imga tanish va issiq eshitilyaptimi?» – o‘zicha o‘ylabdi kuchukcha. – Garchi bu qanaqa jonivor ovozi ekanini bilmasam ham, yuragimga jiz etib tekkanday bo‘ldi-ya».
– Vov-vov!
– Balki bu jirafadir. Yo‘q, bu timsoh bo‘lsa kerak. Ha, bu xuddi o‘sha serjahl timsoh... Ehtiyot bo‘lish kerak.
Kuchukcha butalar orasiga bekinganicha «vov-vov!» degan ovoz kelayotgan tomonga emaklab ketibdi. Yo xudoyim, bu ovoz uning yuragini buncha o‘ynatib yubormasa!
– Bu hech shubhasiz, kuchuk bo‘lishi kerak!
To‘ppa-to‘g‘ri! Tag‘in kelib-kelib kimning kuchugi deng: kukulagan ovozni eshitib haligina o‘q uzgan ovchining kuchugi bo‘lib chiqsa-ya!
– Salom, kuchuk!
– Salom, kuchuk!
– Nega bunaqa ovoz chiqaryapsan?
– Ovoz! Shuni bilib qo‘yki, bu shunchaki ovoz emas, balki hurishdir.
– Hurish deysanmi? Hali sen hurishni bilasanmi?
– Bilganda qandoq. Axir, ko‘rib turibsan-ku, filga o‘xshab dunyoni boshimga ko‘tarayotganim yoki sherga o‘xshab na’ra tortayotganim yo‘q.
– Unda menga ham o‘rgat hurishni.
– Iye, hali sen hurishni bilmaysanmi?
– Yo‘q...
– Unday bo‘lsa, quloq sol. Bu mana bunday qilinadi: «Vovvov!..»
– Vov-vov! – kuchukcha birdaniga hura ketibdi. Sevinchi ichiga sig‘may: «Nihoyat, yaxshi ustozni topib oldim!» deb o‘ylabdi o‘zicha. Shu topda dunyoda undan baxtiyor maxluq yo‘qday tuyulibdi unga.



Adabiyot 6-sinf I kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz