Turob TO‘LA




O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la 1918-yilning 24-dekabrida hozirgi Janubiy Qozog‘iston viloyatining Turbat qishlog‘ida tug‘ilgan. Otaonasidan erta ayrilgan Turobjon bolalar uyida ta’lim-tarbiya oladi. 1934–1938-yillarda Toshkent teatr bilim yurtida, 1938– 1941-yillar oralig‘ida Toshkent pedagogika instituti til va adabiyot fakultetining kechki bo‘limida o‘qiydi, kunduzi esa ishlab, ijodiy va hayotiy tajribalarini boyitadi. O‘qishni bitirgach respublikamizning madaniy-ma’rifiy tashkilotlarida turli vazifalarda sidqidildan mehnat qiladi. Jumladan, yoshlar gazetasida adabiy xodim, O‘zbekiston Davlat radioeshittirish qo‘mitasida muharrir va suxandon, O‘zbekiston Davlat nashriyoti (O‘zdavnashr)da muharrir, «O‘zbekfilm» kinostudiyasida ssenariy bo‘limi mudiri, respublika Kinochilar uyushmasida kotib, Madaniyat vazirligi san’at ishlari boshqarmasi boshlig‘i, hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi Adabiyotni targ‘ib etish markazi rahbari singari vazifalarni bajaradi.

Turob To‘la ijodiy faoliyatini 15–16 yoshidan boshlagan. Uning dastlabki to‘plami 1939-yilda «She’rlar» nomi bilan chop etilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida shoirning «Shodligim» (1941-yil), «Tabassum» (1944-yil) nomli to‘plamlari e’lon qilindi. Ulardan joy olgan aksariyat asarlarda barcha xalqlar qatori o‘zbek xalqining ham ko‘nglida to‘lib-toshgan fashizmga nafrat, tinch va osoyishta hayotni qo‘msash, urushga ketgan farzandlarini sog‘inish hislari badiiy ifoda etilgan edi.

Jumladan, shoirning «Qanotlan, qo‘shiqlarim» to‘plamidan o‘rin olgan aksariyat she’rlari («Hayo bilan», «Sumbula», «Ko‘chalar», «Do‘ppi tikdim», «Sartarosh qo‘shig‘i» va boshqalar) respublikamizning ko‘plab iste’dodli san’atkorlari tomonidan qo‘shiq qilib kuylanib, xalqimiz qalbidan chuqur o‘rin egalladi. Turob To‘la shu tariqa zamonaviy o‘zbek qo‘shiqchilik san’ati rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ijodkor sifatida tanildi.

Turob To‘la, bundan tashqari, bir qancha kinossenariylar yaratilishida, ular asosida milliy kinomizning nodir namunasi bo‘lib qolgan filmlar suratga olinishida ham faol ishtirok etdi. Ular orasida «Maftuningman», «Shashmaqom», «Furqat» singari mashhur filmlar bor.

Ijodkor dramaturgiya sohasi rivojiga ham salmoqli hissa qo‘shdi. Uning qalamiga mansub «Qizbuloq», «Nodirabegim», «Momo yer» pyesalari, «Zulmatdan ziyo», «Malikayi ayyor» opera librettolari hamda «Samarqand afsonasi» baleti librettolari respublikamiz teatrlari repertuaridan munosib o‘rin egalladi.

Turob To‘la Shekspirning «Qiyiq qizning quyulishi» komediyasini, Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Shevchenko, To‘qay asarlarini ona tilimizga mahorat bilan o‘girgan. Taniqli shoir, nosir, tarjimon va dramaturg Turob To‘la 1990-yil 20-aprelda olamdan o‘tgan.

Serqirra ijodiy faoliyat sohibi Turob To‘la bolalar adabiyoti rivojiga ham befarq qaramagan. U yosh o‘quvchi do‘stlariga ajoyib tortiq sifatida 1981-yilda «Yetti zog‘ora qissasi» nomli o‘ziga xos nasriy asarini e’lon qiladi. Bu kitobni shuning uchun ham o‘ziga xos deyapmizki, unda bir necha nasriy janrlarda yaratilgan katta-kichik hikoyalar yagona syujet ipiga mohirlik bilan tizilgan. Ular orasida shoirning o‘z bolaligi bilan bog‘liq hayotiy hikoyalar, keksalardan eshitgan rivoyat, afsona, ertak va cho‘pchaklar, o‘zi to‘qigan ibratli voqealar bayoni bor.
Asardagi badiiy lavhalarni bir-biriga mazmunan va ruhan bog‘lab turuvchi qahramonlar sifatida ko‘z o‘ngimizda «o‘ziga to‘q, tinch oilada katta bo‘lgan yolg‘iz o‘g‘il» – Toshtemir hamda unga «nihoyatda qiziq, ajoyib hikoyalarini, boshidan kechirganlarini» aytib berib charchamaydigan buvasi – Baxshilla maxsum gavdalanadi.

Quyida ushbu asardan keltirilayotgan parchani o‘qigach, ishonamizki, Sizning ko‘pchiligingiz «Yetti zog‘ora qissasi» kitobini kutubxonalardan izlab qolasiz...


Adabiyot 6-sinf I kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz