TELEFONDA AYTILGAN ERTAKLAR TURKUMIDAN




QUTBDAGI GUNAFSHA

Bir kuni ertalab Shimoliy qutbda katta ayiq uyqudan uyg‘onibdi. Uyg‘onibdi-yu, havoni hidlay boshlabdi. O‘ng tomonga qayrilib hidlabdi – hech nimaning isi kelmabdi, chap tomonga o‘girilib hidlabdi – birdan g‘alati bir hid sezibdi.
– Hm, – deb to‘ng‘illabdi ayiq yonidagi urg‘ochi ayiqqa, – bu tomonga biror ekspeditsiya kelib qolganga o‘xshaydimi?
Lekin shu payt ayiq bolalari sal naridan binafsharang gunafsha topib olishibdi. Gunafsha juda nimjon, poyasi ham ingichka ekan. U sovuqda dir-dir qaltirarmish, lekin sira bo‘sh kelmay dadil hid taratarmish, chunki bu uning burchi ekan-da.
– Oyi! Dada! – deb qichqirishibdi ayiqchalar.
– Shu atrofda g‘alati bir narsa bor deb darrov aytdim-a, – debdi oq ayiq oilasiga. – Lekin, menimcha, bu baliqqa o‘xshamaydi.
– Albatta, baliq emas, – debdi ona ayiq. – Qush ham emas.
– Ha, to‘g‘ri aytding, – debdi ayiq xotinining gapini chuqur o‘ylab olgach.
Kechga borib bu yangi gap butun qutbga tarqalibdi. Bepoyon, ko‘z ilg‘amas muz sahrosida ushoqqina binafsharang jonivor paydo bo‘lib chor atrofga g‘alati bir xushbo‘y hid taratarkan. U birgina ingichka oyoqchasida qad ko‘tarib turarmish va o‘lmas emish.
Gunafshani tomosha qilgani kelganlarning son-sanog‘i yo‘q emish. Sibirdan bug‘ular chopib kelishibdi. Amerikadan ho‘kizsimon hayvon darak topib kelibdi, morj va tyulenlar suzib kelishibdi, qayoqdandir uzoq-uzoqlardan oq shimol tulkisi kelib qolibdi, bo‘rilar yetib kelishibdi, birinchi bo‘lib albatta chaqimchi dengiz zag‘izg‘onlari yetib kelishibdi. Hamma bu g‘alati, yovvoyi gulni, uning ingichka qaltiroq poyasini ko‘rib hang-u mang bo‘libdi, uning nafis xushbo‘y hididan to‘yib-to‘yib nafas olishibdi. Shunisi qiziqki, uning hidi kech kelganlarga ham yetibdi. Eng so‘nggi daqiqada ham u avvalgiday hid taratib turibdi.
– Doimo shunday xushbo‘y hid taratib turish uchun, – debdi tyulen, – butun bir omborxonaga ega bo‘lish kerak. Uning muz tagida, qayerdadir hoynahoy ombori bo‘lsa kerak.
– Men buni darrov sezgandim, o‘sha zahoti aytdim-a, – debdi oq ayiq. – O‘sha yerda bir nimasi bor!
Ayiq hecham bunaqa demagandi, albatta, lekin hech kim uning gapirgan-gapirmaganini eslayolmabdi.
Hammadan keyin chayka qaytib kelibdi, uni g‘alati notanish haqida biror narsa bilib kelgin deb janubga jo‘natishgan ekan, u nafasini rostlab olgach bu kichkina xushbo‘y jonivorning gunafsha deb atalishini, boshqa joylarda – janubda ular millionlab topilishini gapirib beribdi.
– Yuborgan elchimizni qarang-u, – debdi tyulen ensasi qotib.
– Biz biror yangi gap bilganimiz yo‘q. Xo‘sh, bu gunafsha boshqa yerga emas, xuddi shu joyga qanday kelib qoldi? Yo‘q, to‘g‘risini aytsam, nima gapligiga hech aqlim yetmay qoldi, juda hayron bo‘lib qoldim.
– U nima dedi, nima bo‘lib qoldim dedi? – shivirlab so‘rabdi ayiq xotinidan.
– Hayron bo‘lib qoldim deyapti, – urg‘ochi ayiq ham shivirlab javob beribdi. – Xullas, boshi qotib qolganmish-da, qaysi oyog‘ini bosishni bilmasmish.
– Ha, ha, – deb gapni ilib ketibdi ayiq. – Men xuddi shunday deb o‘ylovdim-a, ko‘nglimda xuddi o‘sha so‘zlarni takrorlovdim-a.
O‘sha kuni kechasi butun qutb kuchli qars-qurs va gumburlashdan larzaga kelibdi. Butun-butun muz parchalari dag‘-dag‘ qaltirab, yupqa oynaday chirs-chirs sinibdi. Bechora gunafsha muzday havoga o‘zidagi bor muattar hidini taratibdi, go‘yo u bu bepoyon muz sahrosini bir zumda eritib, iliq moviy dengizga yoki ko‘m-ko‘k maysa bilan qoplangan poyonsiz ko‘kalamzorga aylantirmoqchi bo‘layotganday edi. Keyin gunafsha holdan toyib, boshini egib, qaddini bukibdi-yu, shu-shu boshqa o‘rnidan turolmabdi.
Tongda hamma gunafshaning so‘lib qolganini ko‘ribdi, u ingichka tolasida egilib, oppoq qor ustida rangsiz va jonsiz yotganmish. Agar uning oxirgi o‘y-fikrlarini so‘zda ifodalash mumkin bo‘lsa, biz, hoynahoy quyidagi so‘zlarni eshitgan bo‘lardik:
«Mana, men o‘lyapman. Lekin kimdir boshlashi kerak edida. Qachonlardir bu yerda million-million gunafsha ochilib yotadi. Muzlar eriydi, orollar hosil bo‘ladi, ulardan bolalarning qo‘ng‘iroqday sho‘x kulgisi eshitilib turadi».




Adabiyot 6-sinf I kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz