TANOBCHILAR




Bo‘ldi taajjub qiziq hangomalar, Arz etayin emdi yozib nomalar.
Adl1 qulog‘i-la eshit holimi,
Zulm qilur, baski, menga zolimi.
O‘n iki oyda keladur bir tanob2 , O‘zgalara rohat-u menga azob.
Sulton Ali Xo‘ja, Hakimjon ikav, Biri xotun, birisi bo‘ldi kuyav.


Ikkalasi bo‘ldi chunon ittifoq,
Go‘yo xayol aylaki, qilmay nifoq1.
Osh yesalar o‘rtada sarson ilik,
Xo‘ja – chirog‘ yog‘i, Hakimjon – pilik.
Bir-birisiga solishurlar o‘run,
Erta-yu kech o‘pushub og‘iz-burun.
Sallalari boshlarida oq savat,
Ko‘rpacha tagda hamavaqt uch qavat.
Birlari mo‘ltoninamo, hiylagar,
Birlaridur kunda pix-u gavda xar.
Og‘izlari maqtanib o‘n besh qarish,
Mayda suxan, ezmachuruk, zanchalish.
Qaysiki qishloqqa tushar otidin, Elni yig‘ib, voqif etar zotidin.
Derki: «Ko‘zunga hali kal jo‘jaman, Maxdumi a’zamlik o‘zim xo‘jaman.
Bizga bobo hazrati Shohlig‘ mazor, Muxlisimiz mardumi ahli diyor.
Ham yana Erhubbi bo‘lodur tag‘o, Ammamizning erlaridur Nurato.


Bibi Ubayda1 bo‘ladur xolamiz, Goh kelur erdi kichik bolamiz.
Xizr otamlarga birodar erur,
Chimlig‘ azizlar menga dodar erur.
Garchiki men olim-u shayxi zamon, Qirqingiza emdi beray bir qozon.
Manki tanobingg‘a chiqibman kelib, Xizmatimi yaxshi qilinglar bilib.
O‘t qo‘yubon kuyduradurg‘on o‘zim, Hokiming-u o‘lduradurg‘on o‘zim.
Xoh tanobingni du chandon qilay, Xoh karam birla boshingni silay».
Xo‘ja so‘zini munga bermay qaror, Mardumi sahroyi bo‘lur beqaror.
Derki Hakimjoni: «Ayo oqsoqol,
Bizni topibsan magaramkim o‘sol?
Hozir etib to‘rt nafar mardikor, To‘g‘ri qil oldimg‘a qilibon qator.
Arqonimi yeringa sudrab chiqay, Bachchataloq qishloqilarni uray.
Bir burayin mo‘ylabimni chiqib, Tort tanobini jazosi siqib!

Yaxshilig‘ingni fuqaro bilmagay, Holi bular ko‘zga bizi ilmagay.
Ikki tanobini qilay o‘n tanob,
Yurtingizi kuydurub aylay xarob.
Xoh o‘ling, xoh qoling, bachchag‘ar», Debki, uzangiga ayog‘in tirar.
Bir-biriga qishloq eli boqishib,
Goh u yon, goh bu yon chopishib.
Jam bo‘lishib, aylayubon maslahat:
«Do‘g‘mag‘a, – der, – bir nima berib jo‘nat».
Aqcha qo‘lida iki-uch mo‘ysafid,
Derki: «Bu nazringiz-u, bizlar murid».
Zulm bilan ellig-u yuzni olur, Boz tanobini duchandon solur.
Tag‘i bular yaxshi-yu, bizlar yomon, El tamizidin hazar et, alamon...
So‘zni, Muqimiy, kerak etmak tamom, Mazzasi qolmas uzun o‘lsa kalom.

HAJVIY ASAR HAQIDA TUSHUNCHA

Hajviy asar tanqidiy va kulgi uyg‘otadigan badiiy asar hisoblanib, mazmuni va shakliga ko‘ra satirik va yumoristik ruhda bo‘ladi. Hajviy asarlarda jamiyat hayotidagi kamchiliklar, ayrim shaxslar fe’l-atvoridagi, xatti-harakatidagi qusurlar tanqid qilinadi, ya’ni kulgili qilib tasvirlanadi. Hajviy asarlar turli usullarda yozilishi mumkin. Masalan, Muqimiyning «Maskovchi boy ta’rifida», «Saylov», «Dodhohim» va siz yuqorida tanishgan «Tanobchilar» asarlari she’riy hikoya tarzida yozilgan bo‘lsa, Hamzaning «Maysaraning ishi», «Tuhmatchilar jazosi», Abdulla Qahhorning «Og‘riq tishlar», Gogolning «Revizor» asarlari pyesa shaklida, Chexovning «Yovuz niyatli kishi», «Chiqdi», «Qiyshiq oyna», Abdulla Qahhorning «Adabiyot muallimi» hajviy asarlari hikoya janrida yaratilgan. Shuningdek, Ilf va Petrovlarning «O‘n ikki stul», «Oltin buzoqcha», Ne’mat Aminovning «Yelvizak» kabi

hajviy yo‘nalishda bitilgan romanlari ham mavjudki, yoshingiz ulg‘aygach Siz ularni albatta topib o‘qiysiz deb ishonamiz. Hajviy asarlar jamiyat va kishilardagi salbiy jihatlarni tanqid qilish va fosh etish darajasiga qarab satirik va yumoristik ruhda bo‘ladi.
Muqimiy qalamiga mansub «Tanobchilar» she’riy hikoyasi satirik asardir. Chunki unda tanobchilarning asl qiyofasi ayovsiz fosh qilingan.

Masalan, «Tanobchilar» satirasidagi tasvir vositalariga e’tibor beraylik:
Sallalari boshlarida oq savat,
Ko‘rpacha tagda hamavaqt uch qavat.
Birlari mo‘ltoninamo, hiylagar,
Birlaridur kunda pix-u gavda xar.
(Sifatlashlar)
Sulton Alixo‘ja, Hakimjon ikav, Biri xotun, birisi bo‘ldi kuyav.
Osh yesalar o‘rtada sarson ilik,
Xo‘ja – chiroq yog‘i, Hakimjon – pilik.
(O‘xshatish)
Og‘izlari maqtanib o‘n besh qarish,
Mayda suxan, ezmachuruk, zanchalish.
(Mubolag‘a)

O‘zgalarga rohat-u, menga azob.
(Qarshilantirish)
Bunday tasvir vositalarini boshqa hajviy asarlarda ham ko‘plab kuzatish mumkin.
Jahon adabiyotida, jumladan, o‘zbek adabiyotida ham hajviy asar yozma va og‘zaki adabiyotning mustaqil yo‘nalishi sifatida taraqqiy etib kelyapti. Mumtoz adabiyotimizning Gulxaniy, Maxmur, Muqimiy, Zavqiy, bugungi adabiyotimizning Said Ahmad, Ne’mat Aminov, Anvar Obidjon kabi hajvchi adib va shoirlari ijodi buning yorqin misolidir.



Adabiyot 6-sinf I kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz