SARIQ DEVNI MINIB




II BOB

SHAYTONNING YELKASIGA IGNA SANCHDIM

Bir jihatdan olib qaraganda, oyim uyga kiritmay to‘g‘ri ish qilgan ekan. Nega desangiz, o‘sha paytlarda men sehrli qalpoq axtarib egasi ko‘chib ketgan hovlilarni, go‘ng tepalarni, eskituski kiyim-boshlar tashlanadigan burchak-surchaklarni tintuv qilib yurgan edim. Bir oy avval Qashqir qishloqda turadigan buvim biznikiga mehmonga kelib sehrli qalpoq haqida ertak aytib beruvdi. Qalpoqni kiyib olgan azamat yigit biram ishlar qiladiki, biram qahramonliklar ko‘rsatadiki, agar eshitsangiz, og‘zingiz ochilib qoladi. U hammani ko‘rib turadi. Uni esa hech kim, eng ko‘zi o‘tkir odamlar ham ko‘rolmaydi.
– Buvi, buvijon, o‘sha qalpoqning rangi qanaqa? – deb so‘radim hovliqib.
– Oq jundan to‘qilgan.
– Uni qayerdan topsa bo‘larkin?
– O‘sha qahramon qarib-chirib o‘layotganda qalpoqni shu atrofdagi hovlilardan biriga yashirib ketgan, bolam.
– Topsa bo‘larmikan?
– Nega bo‘lmas ekan? Izlasang, albatta topasan, o‘g‘lim. Xullas, o‘sha kechadan buyon oromimni yo‘qotganman. Ke-
chasi-yu kunduzi tinim bilmay sehrli qalpoq axtaraman. Ishonsangiz, izlamagan joyim qolmadi. Faqat eski qishloqning chekkasidagi tashlandiq bir uy qolgan, xolos. Bu hovli kimniki – hech kim bilmaydi. Hatto, oyim ham aniq bir narsa ayta olmadi.

Kechqurun uyga kirishdan mahrum bo‘lgach, oyim aytyapti deb qo‘shnimizdan ikkita nonni qarzga oldim-da, qorong‘i tushishi bilan o‘sha hovli tomon yo‘l oldim. Tashlandiq uydan xunugi bo‘lmas ekan. Qaysi burchakka qaramang, ajinami, alvastimi ko‘zini lo‘q qilib menga baqrayib turganga o‘xshaydi. Hatto, nazarimda, ikki marta bo‘ri ham ko‘ringandek bo‘ldi. Keyin bundoq sinchiklab qarasam, ikkovi ham mushuk ekan. Men titkilamagan burchak qolmadi. Teshikki bor, hammasiga qo‘l suqib ko‘rdim...
Bir mahal charchab, suvsab, holdan toyib o‘tirib qolibman. Mudray boshladim. Yo‘q, men uxlamasligim kerak dedim o‘zimga o‘zim. Keyin shartta o‘rnimdan turib sal ichkariroq kirdim. Molxona bo‘lsa kerak, oxurda bir to‘p latta yotibdi. Orasini titkilagan edim... topdim, ishonasizmi, topdim, xuddi o‘shaning o‘zi! Oq mayin jundan, chekkasiga ipakdan chiroyli hoshiya tikilgan!
– Salom, qalpoqcham! – qichqirib yubordim.
– Salom, Hoshimjon! – degan ovoz eshitildi.
– Men seni axtarib yuruvdim.
– Men seni kutib yotuvdim...
Boshimga ildim-u uy tomon qush bo‘lib uchdim. Axir men uning chinakam sehrli qalpoq ekanini sinab ko‘rishim kerak edida... Sinab ko‘rdim ham. Ko‘cha eshikning ustidan oshib to‘ppa-to‘g‘ri uyga kirib bordim. Oyim tepki mashinada Donoga ko‘ylak tikib o‘tirgan ekan. Yonginasiga borib:
– Oyi, – dedim ingichka ovozda. Oyim boshini ko‘tarib, u yoq-bu yoqqa qaradi-yu, «tavba» deb ko‘kragiga tuflab qo‘ydi. Sekin borib lagandagi sovuq oshni yeya boshladim.
– Oysha, akangdan darak bo‘lmadi-ku? – deb so‘radi oyim.
– Bilmasam, – deb qo‘ydi bir chekkada dars tayyorlab o‘tirgan singlim.
– Bechora qayerlarda qolib ketdi ekan?
– O‘zingiz-da, bo‘lar-bo‘lmasga urishaverasiz.

Shu payt sovuq osh tomog‘imga tiqilib hiqichoq tutib qolsa bo‘ladimi, bunaqasiga ilgari hech uchramagan edim. O‘ziyam naq o‘n besh daqiqa nag‘ma qildim-da.
– Tavba! – dedi oyim u yoq-bu yoqqa qarab.
– Tavba! – dedi singlim ham yoqasini ushlab.
Demak, qalpoqcham chindan ham sehrli ekan, deb o‘yladimda, termosdan choy quyib ichgan edim, hiqichoq bosildi. O‘shangacha ham hech birlari meni ko‘rishmadi. Sekin xolodilnikning yoniga bordim-u, eshigini ochib boshimdan qalpoqchani oldim. Oyim bilan singlim baravariga o‘rnilaridan turib ketishdi.
– Qayoqdan paydo bo‘lib qolding? – ikkovlarining ham savoli shu bo‘ldi.
– Xolodilnikning ichida yotuvdim, – deb yuboribman bilmasdan. Oyim bechora qo‘rqqanidan andak bo‘lmasa yig‘lab yuborayozdi. Darrov meni issiq bag‘riga olib yuz-u ko‘zlarimdan o‘pa ketdi.
– Bolaginam, muzlab qolay debsan-ku! – dedi u tinmay. Issiq ko‘rpaga o‘rab qaynoq-qaynoq choy ichirishdi. Har choy ho‘plaganimda jo‘rttaga bir inqillab qo‘yaman. Ichimga issiq kirishi bilan huzur qilib uxlab qolibman.
Ertasiga birinchi qilgan ishim qishlog‘imizda yashaydigan Soraxon folbinning ishlarini tekshirib ko‘rish bo‘ldi. Meni biron kishi komissiya qilib tayinlagani yo‘q-ku, lekin shunchaki o‘zim qiziqib qoldim-da. O‘qituvchimiz unga ishonmanglar, hammasi yolg‘on deydi. Yolg‘on bo‘lsa, nega xolamning shuhrati shunchalik yoyilib ketadi? Rom ochirib, dardiga davo so‘rash uchun odam shunaqangi ko‘p keladiki, shunaqangi ko‘p keladiki, qishlog‘imizdagi medpunkt uning oldida ip esholmaydi. Undan keyin, kelganlar quruq kelishmaydi. Birovi shoxdor qo‘y, birovi sariq echki, birovi qog‘ozga o‘ralgan pul, bir xillari katta tog‘orada to‘rt quloqli somsa tashlab ketishadi. Men bilan o‘qiydigan o‘g‘li Mirobiddinxo‘janing kerilganini aytmaysizmi, bir o‘zining ikkita velosipedi bor. Tunov kun bittasini minib biroz sayohat qilgan edim, qosqonini egib qo‘ygan ekanman, aka-uka meni tutib olib rosa do‘pposlashdi.

Odamlar:
– Soraxon folbin to‘ppa-to‘g‘ri Xudo bilan gaplashadi! – deyishadi. Mirobiddinxo‘ja bo‘lsa maqtanib:
– Bizning uydan Xudoning ovozi eshitilib turadi! – deydi. Ishqilib, ana shu narsalarni tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldim-u,
ertalab nonushtadan so‘ng to‘ppa-to‘g‘ri folbin xolamning uyiga qarab yo‘l oldim. Hovlisida yettita xotin, beshta chol, uchta bola o‘tirishibdi. Hammasi ham kasal bo‘lsa kerak, rangi oftob urgan xamakdek1 sap-sariq. Qalpoqni kiyib sekin ichkari kirdim. Folbin xolam qorong‘i uyda o‘tirib olib rom ochyapti, qarshisida bola qo‘ltiqlagan mening oyimga o‘xshagan cho‘ziq yuzli bir ayol o‘tiribdi.
– O‘g‘lingni sariq jin uribdi, qizim, – dedi folbin xolam. Shu payt uyning pollari ostidanmi, qalin devorlari orasi-
danmi, shiftidanmi – qayoqdanligini aniq anglay olmadim-ku,
– lekin sariq jinlarning jarang-jurung qilib o‘yinga tushayotgani, childirma chalayotgani eshitilib, qo‘rqqanimdan dodlab yuborayozdim. Xayriyatki, oldimda folbin xolam, bolali ayol o‘tirishibdi. Bo‘lmasa, kim biladi, nimalar qilib qo‘ygan bo‘lardim. Vahimali ovozlar tinishi bilan g‘oyibdan:
– Ovm-i-i-in! – degan surnaynikiga o‘xshash ingichka ovoz eshitildi.
Folbin xolam davom etdilar:
– Sariq echki so‘yib, terisiga bolangni o‘raysan.
– Ovm-i-i-in! – degan ovoz eshitildi yana g‘oyibdan. Ketidan haligi vahimali jarang-jurunglar jo‘r bo‘ldi. Folbin xolam bolali ayolning qo‘rqqanidan o‘ynab turgan ko‘zlariga tikilib:
– Xudo o‘zi shifo beradi, ana, arshi a’lodan uning tabarruk ovozi eshitilyapti, eshit! – deb qo‘ydi.

Bu gal jarang-jurung eshitilmadi-yu, lekin qisqa-qisqa qilib aytilgan «ovmin» eshitildi. Boshimda qalpoqcham bor. Jinlar baribir meni ko‘rolmaydi deb o‘zimga o‘zim dalda berdim-da, ular bilan uchrashish niyatida ovoz qaysi tomondan kelayotganligini aniqlash uchun shoshilib tomga chiqdim. Qalin devor orasiga narvon tushirilgan ekan. Sekin pastga tushdim. Uyning osti podval, o‘rtada so‘ppayib bir xum turibdi. Shu choq folbin xolamning uyiga yana bir kishi kirgandek bo‘ldi. Uning: «Oh, otaginam, otaginam, sizga qora dev hamla qilibdi, suf, suf, suf»,
– degani eshitildi. Bu ovoz tinib ulgurmasdan xumning ichidan jarang-jurung bilan childirma sadolari yangradi, ketidan «ovmin» ham eshitilib qoldi. Avvaliga qo‘rqqanimdan bezgak tutgandek dag‘-dag‘ qaltiradim. Keyin o‘zimni bosib sekin borib mo‘ralasam, xumning ichida o‘zimizning Mirobiddinxo‘ja o‘tiribdi. Bilaklariga har xil shiqildoqlar taqib olgan, qo‘lida do‘ppidan sal kattaroq o‘yinchoq childirma! «I-ye, ha, shaytonning o‘zlari shu yerda ekanlar-da, yashavorsinlar-e! – dedim kulgim qistab, – sariq jin ham o‘zlari bo‘lsa kerak?» Shu paytda shunaqangi achchig‘im chiqdiki, shunaqangi achchig‘im chiqdiki, cho‘ntagimdan to‘g‘nag‘ichni olib bor bo‘yicha yelkasiga sanchib yuborganimni o‘zim ham sezmay qolibman.
– Voy-dod! – deb qichqirdi Mirobiddinxo‘ja. Folbin xolam:
«Otaginam, kasalingiz g‘oyat og‘ir, ana, quloq soling, parilarim faryod chekyapti», – deb javray boshladi. Kap-katta xotinning yolg‘on so‘zlaganini ko‘rib, yana jahlim chiqib ketdi. Ko‘zimga Mirobiddinxo‘ja alvastidan ham xunuk ko‘rinib ketdi, nazarimda. To‘g‘nag‘ichni yana sanchib yuboribman.
– Oyijon! – deb qichqirdi Mirobiddinxo‘ja.
– Ovozingni o‘chir! – boshidan xumning ichiga bosdim.
– A! – Mirobiddinxo‘janing ko‘zi xuddi jon berayotgandek ola-kula bo‘lib ketdi. – Sen kimsan o‘zi, ayt, kimsan?
– Men Azroyilman.
– Azroyil?
– Ha, Azroyilman, joningni olgani keldim.
– Oyijon! Men o‘lyapman...
– Dodlama, – deb boshiga bir shapaloq urdim, – menga qara, Hoshim degan bolani taniysanmi?

– Taniyman, Azroyilbobo, taniyman.
– Tanisang, nega unga velosipedingni berib turmading?
– Berdim-ku?
– Nega uni akang bilan ikkovlashib urdilaring?
– Tavba qildim, endi urmaymiz.
– Baribir, hozir joningni olaman, – shunday deb jo‘rttaga bo‘g‘moqchi bo‘lgandek ikki qo‘limni tomog‘iga olib bordim.
– Jon Azroyilbobo, bu gal jonimni olmang, kechiring.
– Nega odamlarni aldaysan?
– Oyim aytdilar-da...
– Oying nima dedi?
– Ovmin deysan dedi. Undan keyin mana bu shiqildoqlarni chalib, childirmani do‘pillatasan dedi.
– Yolg‘on, o‘zing ham maktabga borib uyimizdan Xudoning ovozi eshitiladi degansan.
– Aytdim-ku, oyim o‘rgatdi deb.
– Oying nima deb o‘rgatdi?
– Ko‘cha-ko‘yda yurganingda, maktabga borganingda shunday deb aytasan dedi.
– Demak, hammasi yolg‘onmi?
– Yolg‘on, Azroyilbobo, yolg‘on.
– Yolg‘onligini maktabga borib aytasanmi yoki joningni olib qo‘ya qolaymi?
– Aytaman, bugunoq aytaman.
– Bo‘lmasa seni sinab ko‘raman. Hozircha joning o‘zingda tursin. Uy vazifalarini yaxshilab tayyorlagin, Hoshim degan bola so‘rasa yo‘q demagin...
Tashqariga chiqib endi nima qiliq ko‘rsatsam ekan deb o‘ylanib qoldim. Hali folbin xolam bolali ayolga dori berayotganida xaltasiga ko‘zim tushib qoluvdi. Ana o‘sha xaltachalarni ham bir tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldim. Har xil chitdan tikilgan katta-kichik beshta xaltacha bor, hammasida ham o‘zimizning aptekalarda sotiladigan oddiy dorilar: birida penitsillin, birida biomitsin, boshqasida yurak o‘ynoqni bosadigan poroshok.

Xudoyi taolo ato qilgan noyob dorilar deb xolajonim ana shularni pullayotgan ekan. Yashavorsinlar-e dedim o‘zimga o‘zim, hali shoshmay tursinlar, o‘zlarini ham bir uyaltirib qo‘ymasammi...
Folbin xolamning cho‘ntagiga qo‘l solib besh-o‘n so‘m oldim-da, darhol tug‘uruqxona oldidagi aptekaga yugurdim. O‘sha yerdan ichni suradigan har xil dorilar olib keldim. Xaltachalardagi dorilarni olib, o‘rniga o‘shalarni ehtiyotlik bilan joylab qo‘ydim. Oradan o‘n-o‘n besh kun o‘tar-o‘tmas, xolamning obro‘lari ham bir pul bo‘ldi. Sen hali bizni ataylabdan zaharlamoqchi bo‘ldingmi deb, ichi surib darmondan ketgan bemorlar xolamni tutib olib rosa do‘pposlashibdi...
Ishlarim yurishgandan yurishib ketdi. O‘zim xursand, kayfim chog‘, ashula aytganim-aytgan. Baholarim ham joyida – nuqul besh! Ilgarigidek uy vazifangni bajargan bo‘lsang menga berib tur, deb birovlarga yolvorib ham o‘tirmayman. O‘qituvchilarimizning uyiga shartta kiraman-da, konspekt daftarini olib o‘sha yerda ko‘chiraman-qo‘yaman. Obro‘yim ham shunaqangi oshib ketdiki, o‘qituvchilar menga kulib boqadigan bo‘lib qolishdi. Faqat og‘zaki so‘raladigan fanlardan hamon mazam yo‘qroq. Lekin unga ham bir vaj topib qo‘yganman.
– Mening og‘zaki nutqim rivojlanmagan, yozma ravishda talab qilaveringlar, – deyman-da, o‘qituvchilarimning o‘zlaridan ko‘chirib olgan konspektlarni sal boshqacharoq qilib o‘qib beraveraman.

Xullas, ishlarim har jihatdan yurishib ketgan edi. Sinfkomimizni amaldan tushirib o‘rniga meni saylamoqchi bo‘lib turishgan edi-yu bir xatoga yo‘l qo‘yib, butun maktabda sharmanda-yu sharmisor bo‘ldim, rostini aytsam, bir pulcha obro‘yim qolmadi.
Darsdan qaytayotganda hech kim sezmasa kerak deb, o‘zimga va eng yaqin do‘stim bo‘lmish Qosimjonga yettita fandan a’lo baholar qo‘yib, chorak tugamagan bo‘lsa ham, cho‘zib o‘tiramanmi deb, chorak baholarini ham chiqarib qo‘ya qolgan edim. Bu ishni avval ona tili o‘qituvchimiz, so‘ngra fizika o‘qituvchimiz payqab qolibdi. O‘sha soatdayoq hammaga oshkor bo‘libdi. Ertasiga maktabga borishim bilan direktorning kabinetiga chaqirishdi. Kirsam, yettita o‘qituvchi qator o‘tiribdi. Qosimni ham chaqirtirib kelishdi.
– Hoshim, beriroq kel-chi, – dedi Otajon Azizovich barmog‘i bilan jurnaldagi bahoni ko‘rsatib, – bu baholarni kim qo‘ydi?
– Bilmasam.... – dedim yelkamni qisib.
– Sen qo‘ydingmi? – so‘radi Qosimdan direktor.
– Nimani? – mendan battarroq hayron bo‘lib dedi Qosim.
– Ikkoving maslahatlashib qilgansan bu ishni. Ochiqchasiga iqror bo‘linglar, – dedi o‘qituvchilardan biri.
– Yo‘q, bu ish Qosimdan chiqqan, – dedi boshqasi,– nega desanglar, Hoshim so‘nggi paytlarda ancha tuzalib qoldi. Baholari ham nuqul besh...
O‘tirganlarning hammasiga bu fikr ma’qul tushdi shekilli, har tomondan bechora Qosimga savol yog‘dira boshlashdi. Qarasam, do‘stimning ahvoli chatoq – ko‘zida miltillab yosh tomchilari ko‘rinyapti. Yo‘q, qilg‘ilikni men qilib, jabrini birov tortmasligi kerak! Shartta o‘rtaga chiqdim:
– Kechirasizlar, bu ishni men qilganman.
– Nimaga?! – sakkiz kishi birdaniga shu savolni berdi.
– Ha, men qilganman. Qosimning bu ishdan mutlaqo xabari yo‘q. Undan keyin, xullas, bu ishni men qilganman...
Tamom, hali aytganimdek, obro‘ ikki pul bo‘ldi. Aytilmagan gap-u, qilinmagan nasihat qolmadi. Mendan shu ketishda ketaversam, tuzukroq odam chiqmas emish, agronom ham, injener ham, zootexnik ham bo‘la olmas emishman.
– Yo‘q,– dedim qaysarligim tutib,– mendan agronom chiqadi, albatta.
– Chiqmaydi! – sakkizovlari bir ovozdan takrorlashdi.
– Bo‘lmasa zootexnik bo‘laman.
– Ilmsiz bo‘lsang, zootexnik tugul molboqar ham bo‘lolmaysan!

– Bo‘la olaman.
– Gapni ko‘paytirma, bo‘lolmaysan! – achchig‘i chiqib dedi direktor.
– Bo‘laman, bo‘laman, bo‘laman! – dedim-da, eshikni tarsillatib yopib chiqib ketdim. Men o‘qimay turib ham boshimda shu qadrdon qalpoqcham bor ekan, albatta, agronom ham, injener ham, shoir-u artist ham bo‘la olaman deb qattiq ishonar edim. «Ha, albatta, bo‘laman, – deb takrorladim o‘zimga o‘zim,
– bularga, menga ishonchsizlik bilan qarayotgan mana shu qadrdon o‘qituvchilarimga o‘zimning kimligimni ko‘rsatib qo‘yaman...»
O‘sha kuni kechasiyoq qahramonliklar ko‘rsatib, shon-u shuhrat taratib o‘qituvchilarimni, Otajon Azizovichni hayratda qoldirish niyatida safarga otlandim.
Xayr, jonajon qishlog‘im, hayqirib, toshdan toshga urilib oqayotgan zilol suvli anhorlar, poyonsiz mevazor bog‘lar, hammangizga xayr. Yo‘l yoqasidagi azim yong‘oqlar, sizlar ham yaxshi qoling. Endi sizlarga hech kim tosh otib shoxingizni sindirmaydi, tanangizga mix qoqib ozor bermaydi!
Mehribon oyijonim, sho‘xliklar qilib ko‘nglingizni og‘ritgan bo‘lsam, qaysarligim tufayli o‘ksitgan bo‘lsam, kechiring meni! Qo‘ng‘ir sochli singillarim, sizlar ham yaxshi qoling. Har xil qiziqchiliklar qilib sizlarni qiqirlatib kuldiradigan, maktabdan qaytayotganingizda sho‘x bolalar urganda tarafingizni oladigan akangiz yoningizda yo‘q endi. Sog‘inganda, ko‘nglingiz o‘ksiganda rasmga boqing. Lekin yig‘lamang. U albatta keladi, qahramonliklar ko‘rsatib qaytadi. O‘z o‘qituvchilariga o‘qimasdan turib ham agronom bo‘la olishi mumkinligini, artist bo‘lib hammani o‘ziga mahliyo qila olishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘yadi. Ha, albatta, ko‘rsatadi. Ko‘ksi to‘la orden bilan qaytadi.
Xayr!
Ey, chala qolgan uy vazifalari, sizlarga ham xayr!
Yarim tunda qishloqdan chiqib borar ekanman, ko‘zim jiqqa yosh, ammo qalbim shodliklarga to‘la edi.

III BOB

BAXTIM KULIB BOQQAN EDI

Qayoqqa borishni, nima qilishni bilmas edim. Boshim qotgan, o‘ylab o‘yimga yetolmayman. Ammo bir jihatdan ko‘nglim shod – ovqat tekin, poyezd-u avtobuslar tekin, qadrdon qalpoqcham boshimda. Zeriksam, u bilan suhbat quraman.
– Qalpoqcham, qayerlarga kelib qoldik? – deb so‘rayman.
– O‘zim ham bilmayman, Hoshimjon, – deydi qalpoqcham.
– Rostini ayt, mendan agronom chiqarmikin-a?
– Chiqadi. Albatta, chiqadi.
– Axir mening diplomim yo‘q-ku? – deyman ko‘nglim o‘ksib.
– O‘kinma, – deydi qalpoqcham, – qo‘lingni cho‘ntagingga sol – diplom tayyor.
Qo‘limni cho‘ntagimga solgan edim, chindan ham ko‘k jildli, ichkarisiga har xil yozuvlar yozilib dumaloq muhr bosilgan diplom chiqib qoldi.
– Qalpoqcham, axir mening bo‘yim juda past-ku, – deyman yana ikkilanib, – hech kim meni katta odam deb o‘ylamaydiku?
– Xafa bo‘lma, kerak bo‘lganda bo‘y ham qo‘shib beraman. Yo‘l yurdim, yo‘l yursam ham mo‘l yurdim, bir mahal mun-
doq qarasam, sahro-yu biyobonga kelib qolibman. Bir tomoni poyoni yo‘q cho‘l. Qarasang, ko‘zing jimirlab ketadi. Yantog‘-u sho‘radan boshqa hech narsa ko‘rinmaydi. Ahyon-ahyonda menga o‘xshab qayoqqa borishini bilmay garang bo‘lib uchib yurgan qushlar to‘dasigami, dumi uzun yumronqoziq yoki ko‘zini lo‘q qilib turgan kaltakesakkami duch kelib qolasan.
Ikki marta ilonlar galasiga ham uchrab qoldim. Yegani ovqat topolmay bir-birining dumini so‘rib yotgan ekan, meni ko‘rishi bilan sevinib, shunaqangi quvlashga tushib ketishdiki, agar boshimga qalpoqchamni kiyib olmaganimda, kim biladi, holim ne kechar edi...

Biroz yurgach, bog‘-rog‘lar yashnab yotgan joyga kelib qolibman. Tavakkal qilib daraxtzorlar orasidan yurib boraverdim. Goh olmazor, goh shaftolizor, goh tokzorlar orasidan o‘tib borardim. Bir tomonda g‘o‘zalar ham yashnab yotibdi. Dadamga o‘xshagan odamlar tepasiga brezentdan soyabon o‘rnatilgan universallarga minib olib ishlov berishmoqda. Katta sement ariqdan shundoqqina o‘tishim bilan g‘alati bir manzaraga ko‘zim tushib, rostini aytsam, hang-u mang bo‘lib qoldim. Yuz gektarcha keladigan katta maydon mayda-mayda bo‘laklarga bo‘lib tashlangan, har bir bo‘lakchada uchtadan-to‘rttadan bo‘lib o‘zim tengi, o‘zimdan sal kattaroq bolalar, Oyshaxon singlimga o‘xshash qo‘ng‘ir sochli qizchalar terlab-pishib ishlashib yotibdi.
– Hoy bola, horma! – dedim g‘o‘zaning ichidan o‘t yulib yurgan bir bolaning yoniga borib.
– Ishingni qil, – dedi u boshini ko‘tarmay.
– Horma, deyapman.
– Ishingni qil deyapman, – shunday deb notanish bola sekin boshini ko‘tardi. Ko‘tardi-yu, uyalganidan bo‘lsa kerak sholg‘omdek qizarib ketdi.
– Kechirasiz, – dedi peshanasidagi terini artib,– men sizni o‘zimizning Shavkat deb o‘ylabman.
– Kechirasiz, – dedim men ham hurmatini joyiga qo‘yib, – bu qaysi mamlakat?
– Nima?
– Qaysi mamlakat deyapman?
– Mamlakat emas, Mirzacho‘l.
– E, anavi gazetadagi Mirzacho‘l shu yerlarmi?
– Gazetadagi emas, Mirzacho‘ldagi Mirzacho‘l, – tushuntirdi notanish bola.
– Bu yerda nima qilyapsizlar?
– O‘t yulyapmiz.
– Bu g‘o‘zalar kimniki o‘zi?
– Bizniki.

– Nega endi sizniki bo‘larkan?
– Ana shu, ko‘rib turganingiz o‘n gektar yerdagi g‘o‘zani oltovimiz ekkanmiz, o‘zimiz parvarishlayapmiz, hosilini ham mashinada o‘zimiz yig‘ishtirib olmoqchimiz.
– Sizlarga agronom kerak emasmi?
– Yo‘q, – dedi bola boshini chayqab, – biz o‘zi bo‘lajak agronomlarmiz...
Gapni cho‘zib o‘tirmasdan narigi kartalarga o‘tib ketdim. Mendan ko‘ra sal novcharoq bo‘lgan ikkita bola qovun chopiq qilish bilan ovora.
– Nima qilyapsizlar? – so‘radim jo‘rttaga nima qilayotganlarini ko‘rib turgan bo‘lsam ham.
– Ikkinchi chopiq qilyapmiz, – degan mujmalroq javob oldim. Bolalar juda shoshib ishlashardi. Yo bir-birlari bilan kim ko‘p ishlashga musobaqa o‘ynashgan yoki o‘zlari shunaqangi chaqqon ishlashga o‘rganib qolishgan bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Rostini aytsam, shu paytda mening ham ana shu bolalar bilan egatlarga yonma-yon tushib olib, musobaqalashib ketmon chopgim kelib ketdi. Lekin o‘zimni bosib, jiddiy bir ohangda:
– Sizlarga agronom kerak emasmi? – deb so‘radim.
– Yo‘q, kerak emas.
– Nega endi kerak bo‘lmas ekan? Ehtimol, kerakdir?
– Bizning o‘zimiz agronommiz.

Shundan keyin kun botguncha ishlayotganlarni gapga solib, suhbatlashib, mayda kartalarni aylanib, tomosha qilib yuraverdim. O‘ziyam tomosha qilsang arzigulik joylar ekan, cho‘lni yashnatib yuborishibdi. Bir kartada hali aytganimdek paxta, boshqasida hali aytganimdek qovun-tarvuz, nariroqda piyoz, beriroqda karam! Ayniqsa, bu atrofdagi mevalarni aytmaysizmi. Luchchak shaftolilarga maza kiray deb qolibdi, olma daraxtlari hosilni ko‘p qilganidan biron ayb ish qilib qo‘ygandek boshlarini egib turibdi. Uzumning o‘zidan, xoh ishoning, xoh ishonmang, roppa-rosa yigirma ikki xilini sanasam-a.

Tovuqlarga don berib yurgan, hadeb tuxum yeyaverganidan bo‘lsa kerak, oshqovoqdek semirib ketgan sariq sochli bir qizdan:
– Bu tovuqlar kimniki? – deb so‘radim.
– Bizniki, – dedi qiz hozirgina archilgan kattagina tuxumni og‘ziga solib.
– Tuxumni kimga berasan?
– O‘quvchilarga.
– Uy vazifalarini bajarmaganlarga ham beriladimi?
– Unaqalar bizda yo‘q.
– Bordi-yu, bitta-yarimta topilib qolsa-chi?
– Bor, ishingni qil, – dedi sariq sochli qiz yana bitta tuxumni og‘ziga solib, – tovuqlarimni hurkitib yuboryapsan.
– Menga qara, – dedim biroz yumshab, – sizlarga zootexnik kerak emasmi?
– Zootexnikni nima qilamiz?
– Ish o‘rgatadi-da.
– Unaqasidan o‘zimizda ham to‘lib yotibdi...
Sal nari borgan edim, atrofi yog‘och taxta bilan o‘ralgan katta qo‘rg‘onga ko‘zim tushib qoldi. Darvoza tepasiga «Krupskaya nomli maktab-internat fermasi» deb yozib qo‘yishibdi. Ha-ha, bu maktabning hali fermasi ham bor ekan-da deb o‘yladim-u sekin ichkari kirib bordim. Rostini aytsam, ferma uncha katta ham, uncha kichik ham emas ekan: sakkizta sigir, o‘n to‘rtta cho‘chqa, uchta qo‘tir echki – bor-yo‘g‘i shu.
– Qo‘ylaring ham bormi? – so‘radim mollarning tagini tozalab yurgan past bo‘yli, peshonasi do‘ng bir boladan.
– Qo‘ylar cho‘lda... – dedi bola menga qarab angrayib.
– Quyonlar-chi?
– Quyon fermamiz katta bog‘ning ichida turadi.
– Echkilaring bor-yo‘g‘i uchtami?
– Muncha ezma ekansan, aytdim-ku, echkilar ham qo‘ylarning yonida deb.

– Shunaqa demaysanmi, – dedim sal past kelib. – Men bo‘lsam boshqalari kasal tegib o‘lib ketganmi deb o‘ylabman. Buzoqlaring ko‘rinmaydi?
Peshonasi do‘ng bola toza jonimga tegding-ku, degandek qo‘lini siltab, paqir bilan supurgini ko‘targancha, xiyol oqsoqlanib cho‘chqaxonaga o‘tib ketdi. O‘sha yerdan turib, negadir tilini uzun chiqarib meni masxara ham qilib qo‘ydi.
– Tort tilingni, hozir borib sug‘urib olaman! – dedim mushtimni ko‘rsatib.
– Meni-ya!
– Ha, seni.
– Urishgandan ko‘ra kelib ishga qarashsang bo‘lmaydimi! – dedi bola iljayib, ishga tushsam tushay deb ustimdagi yangi ko‘ylagimni shartta yechdim-da:
– Qani, ishingni ko‘rsataver, – deb qo‘ydim.
– Menga qara, tag‘in sen mehmon bo‘lmagin? – qiziqib qoldi u.
– Mehmonman-da.
– Iye, shunday demaysanmi? Qani, tanishib qo‘yaylik: mening otim Hayitvoy, yettinchi sinfda o‘qiyman.
– Mening otim Hoshimboy, – deb qo‘limni cho‘zdim, – oltinchi sinfning a’lochi o‘quvchilaridan bo‘laman. Sizlar o‘zi kimsizlar, o‘quvchimi, kolxozchimi, hech tushunolmay qoldim-ku?
– Bizmi, biz hu anavi ikki qavatli bino bor-ku, o‘sha yerda o‘qiymiz, darsdan bo‘sh vaqtimizda ko‘rib turganingdek ishlaymiz, kasb o‘rganamiz. Biz-chi, Hoshimboy, o‘zimizni o‘zimiz boqamiz, o‘zimizni o‘zimiz kiyintiramiz...
– Rostdan-a?! – dedim hech ishongim kelmay.
– Rost, – Hayitvoy ishonchsizlik bildirganim uchun biroz xafa bo‘ldi, – hali sen ko‘rganing yo‘q, o‘ttiz gektar yerda mevazor bog‘imiz bor, shig‘il hosilga kirgan. Yarmini yeymiz, yarmini bozorga chiqarib sotamiz. Go‘sht ham, sut ham o‘zimizda yetarli.
– Sigirlarni kim sog‘ib beradi?

– Kim sog‘ardi, o‘ninchi sinfning qizlari-da.
– Meva-chevalarni ham o‘shalar sotib beradimi?
– Bo‘lmasam-chi? – dedi Hayitvoy maqtanib,– direktorimiz Xursanali Sharafiddinovich bu qizlardan ajoyib sotuvchilar yetishib chiqadi deydi. Mayli, rastrata qilsalar ham ishlashaversin, bora-bora o‘rganib ketishadi deydi. Tunov kuni, bilasanmi, nima bo‘ldi? Tekshiruvchilar borganda, haligi budkada sut-qatiq sotib o‘tiradigan Sanobar opam bor-ku?
– Qaysi? – so‘rab qo‘ydim.
– Hali o‘ninchi «b» da o‘qiydigan bor-ku, o‘sha oq xalat kiymasdan savdo qilayotgan ekan, qo‘lga tushib qolibdi. Tartibni buzgani uchun rosa muhokama qilib vigovor berishdi. Undan keyin desang, o‘n besh so‘m shtraf qilishdi.
– Shtraf pulini qayerdan oladi?
– Qayerdan olardi, brigadaning fondidan oladi-da, hali aytdim-ku, mahsulotlarimizdan kelgan foydani kassaga qo‘yamiz deb. Kassadagi pul yig‘ilaveradi, yig‘ilaveradi, keyin o‘ninchini bitirib butunlay ketayotganimizda har kim o‘ziga tegishli pulni olib ketadi.
– Rost aytyapsanmi? – dedim yana ishongim kelmay.
– Rost. O‘tgan yil maktabimizni ellik kishi bitiruvdi, bitirish kechasi Xursanali Sharafiddinovich har biriga ming so‘mdan pul ulashdi, biz rosa qarsak chaldik... Sizlarning maktablaringizda ham shunaqami?
Rostini aytsam, nima deyishimni bilmay, jo‘rttaga nariroqdagi sigirlarni tomosha qilayotgandek angrayib turaverdim. Bizning maktabimizda, yashirib nima qilaman, bu yerda ko‘rganlarimning mingdan biri ham yo‘q. Rost, tirik burchakda ikkita oriq quyon bor edi, lekin uning ham bittasi ochidan o‘lib qolgan. Undan keyin maktabimizning orqasida kattagina mevazor bog‘ ham bor, lekin bu daraxtlar meva qiladimi-yo‘qmi, hozir o‘ylay-o‘ylay hech xotirlay olmadim. Shunday bo‘lsa ham maktabimizning sha’nini hecham yerga urgim kelmasdi.
– Nima deding? – dedim maqtanishga chog‘lanib.

– Sizlarda ham shunaqalar bormi deyapman?
– Sizlarnikidan yuz marta yaxshisi bor.
– Quyon fermalaringiz ham bormi?
– Bor. Hatto bizda sher, arslonlargacha bor...
– O‘h-ho‘, – dedi Hayitvoy qo‘rqqanidan ko‘zlari ola-kula bo‘lib, – yeb qo‘ymaydimi?
– Biz ularni temir qafaslarga solib, ustidan kattaligi sening kallangdek keladigan qulflar solib qo‘yganmiz...
– Sizlarda haligi eshik, rom yasaydigan ustaxonalar ham bormi?
– Oh-ho, bizning ustaxonani bir ko‘rsang, – deb qo‘ydim. Shunday deyman-u, lekin maktabimizning ustaxonasi qayerda ekanini o‘zim ham bilmayman.
– Haligi kiyim-bosh tikadigan artel-chi? – deb so‘rashda davom etdi Hayitvoy.
– Bor. Hammasi bor. Mana shu ustimdagi ko‘ylak ham o‘sha yerda tikilgan. Oyog‘imdagi tuflini Shokir degan bitta og‘aynim tikib bergan.
– Bizda ham ustaxonaning har xilidan bor, – dedi Hayitvoy biroz shashtidan tushib, – hozir olib borib ko‘rsatardim-u, lekin ishlarim qolib ketadi-da.
Men uning ishlariga ko‘maklashadigan bo‘ldim. Ko‘z yumibochguncha avval molxonani, so‘ngra cho‘chqaxonani yog‘ tomsa yalagudek qilib tozalab tashladik. Go‘ng bilan chiqindilarni men katta chelakka solib turdim. Hayitvoy tashqariga bo‘zchining mokisidek qatnab turdi. Bir nafasda hamma yoq, hali aytganimdek, yog‘ tomsa yalagudek bo‘ldi-qoldi.
– Do‘stim Hayitvoy, – dedim ishlar tugagach, – sizlarga mol doktori kerak emasmi?
– Do‘stim Hoshimboy, – javob qaytardi sherigim, – mana shu fermadagi sakkiz bola hammamiz mol doktori bo‘lamiz... Hayitvoy bilan o‘rtoq bo‘lib qoldik. O‘ziyam ko‘ngli ochiq,
xushchaqchaq, menga o‘xshab qiziqchiroq bola ekan. Avvaliga rosa maqtanchoq bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edim. Yo‘q, unchalik maqtanchoq ham emas ekan. Aytganidek, maktabning ustaxonasi ko‘rsang ko‘rgudek, tomosha qilsang tomosha qilgudek joy ekan. Qizlar mening oyimnikiga o‘xshash tepki mashinada chok tikishayotgan xonaga kirib o‘n minut chamasi angrayib turdim. Qasam ich desangiz, qasam ichib aytamanki, bunaqangi ustaxona dunyoda hech bir maktabda bo‘lmasa kerak. Quyonlarning terisidan jajji qizlar uchun popukli qalpoqchalar, oq batistdan o‘quvchi qizlar kiyadigan fartuk deysizmi, paxta teriladigan kanop etaklar deysizmi, xullas, dunyodagi yo‘q kiyimlar mana shu yerda tikilar ekan. Biram bejirim, biram chiroyli tikishyaptiki! Hay-hay, nozik qo‘lchalarning chiroyli harakatlarini aytmaysizmi, oyoqchalarning bir me’yorda ishlashini qarang-a! O‘zlari kichkina-kichkina qizlar, oyoqlari tepkiga zo‘rg‘a yetyapti-yu, katta xotinlardek kerilib o‘tirishadi-ya, obbo jin sochlar-ey! Zavqim oshganidan yoniga borib bittasining biqinidan sekin chimdigan edim, qo‘limga bir tushirdi.
– Bular ham sotiladimi? – deb so‘radim Hayitvoydan.
– Sotiladi, hammasi sotiladi, – tushuntirishda davom etdi u.
– Menga qara, ana u qalpoqchalardan esdalik uchun menga ikkita berolmaysanmi?
– Nima qilasan bularni?
– Ikkita singlim bor, o‘shalarga sovg‘a qilib olib bormoqchiman.
– Yo‘q, berolmayman.
– Berasan, keyin qo‘limga pul tushganda kelib to‘lab ketaman.
– Berolmayman! – dedi Hayitvoy biroz jahli chiqib.
– Berasan, – shunday dedim-da, stol ustida turgan chiroyli qalpoqchalardan ikkitasini olib qo‘ltiqqa urdim. Hayitvoy qo‘limga yopishgan edi, bilmasdan qattiqroq itarib yuborgan ekanman, bechora ikki-uch dumalab ketsa bo‘ladimi. Chok tikayotgan qizlar bizni kuzatib turishgan ekan, ularni sut-qatiqlar bilan ta’minlab, nonushtalariga qaymoqlar yetkazib berayotgan ukajonlarini ranjitganim uchun mendan o‘ch olmoqchi bo‘lib 28 qiz baravariga o‘rnidan turdi: birining qo‘lida pichoq, birining qo‘lida qaychi, birisi qizib turgan dazmolni ushlab olgan, hammalari menga tashlanib qolishdi. Qarasam, ishning keti xunuk bo‘ladigan. Qochmagan nomard, dedim-da, o‘zimni eshikka urdim... Yo‘q, Mullahoshimboy kechikkan ekanlar, eshikni allaqachon berkitishga ulgurishibdi, qalpoqchamni boshimga kiyishga arang ulgurib qoldim. Ko‘zdan yo‘q bo‘lishim bilan:
– Stolning tagini qaranglar, stolning tagida! – deb qichqirdi biri.
– Shkafning ichiga kirgandek bo‘ldi!– dedi boshqasi shovqin solib. O‘zimni sekingina derazadan hovliga otdim. Qizlar:
«O‘g‘ri qochdi, ushlanglar!» – deb orqamdan yugurib chiqishdi. Butun internatda trevoga ko‘tarildi. Direktor Xursanali Sharafiddinovich radiouzel orqali e’lon qilib meni qidirishga 550 o‘quvchining hammasini safarbar qildi.
– Afti angori esingda qolganmi? – so‘radi u Hayitvoydan.
– Bo‘lmasam-chi?..
– Unda mana bu radiouzel orqali hammasini gapirib ber, tezroq bo‘l!
– Diqqat, diqqat! – hovliqib, xirillab gapira boshladi Hayitvoy, – o‘g‘rini qidirayotganlar diqqatiga. Hozirgina qochgan bola 12–13 yoshlarda edi. O‘zi qorachadan kelgan, oriq, bo‘yi mendan ko‘ra novcharoq. Ko‘zlari yirik-yirik, doim chaqnab turadi. Burni angishvonaga o‘xshaydi. Gapirganda tutilib-tutilib qoladi. Ustida oq shoyidan sorochkasi bor, shimi yo‘l-yo‘l sherstdan, dazmollanmagan. Afti boshiga bir haftadan buyon suv tegmagan bo‘lsa kerak, hamma yog‘i kir...
Hayitvoy radiodan e’lon berayotgan mahalda men direktorning kabinetida xuddi o‘sha direktorning o‘zi bilan yonma-yon o‘tirib choyxo‘rlik qilmoqda edim. Divanga yonboshlab olib o‘ylanib ketdim.
– Nimalar qilib qo‘ydim o‘zi? Ularning mehnatiga yordamlashish o‘rniga hammasini ishdan qo‘ydim-ku! Mana XursanaliSharafiddinovich bilan yonma-yon o‘tiribmiz, o‘zi yomon odamga o‘xshamaydi, ancha mehribon, gapga tushunadigan ko‘rinadi... Ehtimol, yaxshilikchasiga iltimos qilganimda meni biron uchastkaga agronom qilib olgan bo‘larmidi. Ishlarim yurishib ketganda, kim biladi, rasmim gazetalarda bosilib ham chiqarmidi. Ana unda mehribon direktorimiz Otajon Azizovich ham, algebra muallimimiz Qobilov ham kishi o‘qimasdan turib agronom bo‘la olishi, o‘rtoqlariga hisobsiz foydalar keltirishi mumkinligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rardilar... ha, baxtim kulib boqay deb turgan edi. Lekin afsuski, ishni o‘zim buzib qo‘ydim...
Sekin o‘rnimdan turdim-da, Xursanali Sharafiddinovichning sovib qolgan choyidan och qoringa xo‘rillatib bir xo‘pladim-u, radiouzel o‘rnatilgan xonaga kirdim. Hayitvoy o‘sha yerda hamon kekirdagini cho‘zib gapirar edi.
– Ma, qalpog‘ingni ol, bunaqasi bizning maktabda ham to‘lib yotibdi! – dedim-da, oyog‘ining tagiga tap etib tashladim.
Arzimagan bir narsa uchun yuzim shuvut bo‘lib qoldi, endi bu yerda qolishim mumkin emas edi. Bolalarning oshxonasiga kirib qozonning boshiga o‘tirib oldim-da, lazzatli taomlardan to‘yib-to‘yib yedim. Kompot pishirishgan ekan, undan ham ikki stakanni pok-pokiza urib oldim. Keyin, o‘zingiz ham sezib turgan bo‘lsangiz kerak, yana yo‘lga ravona bo‘ldim...


IV BOB

HASHAROTNI KALTAKLASHGA BUYURDIM

Ketyapman-ketyapman, na yo‘lning oxiri ko‘rinadi, na atrofda biron qo‘qqaygan kulba. O‘ngga qarasang ham g‘o‘za, chapga qarasang ham g‘o‘za. Bir mahal burilib orqamga boqqan edim, nazarimda, hozirgina men bosib o‘tgan yo‘llarda ham g‘o‘zalar o‘sayotganga o‘xshab ko‘rindi. Siz qanaqaligingizni bilmayman-ku, lekin men mana shunaqangi poyonsiz dalalarga chiqqanimda yayrab, jonim tanimga sig‘may ketadi. Undan keyin qornim to‘ydi deguncha, ashula aytib yuboradigan odatim ham bor. Shu paytda qorin masalasida shikoyatim yo‘q hisobi.

Undan keyin atrofda: «Hoy, Mullahoshim, quloq o‘zimizga ham kerak», – deb tanbeh beradigan biron kimsa ham ko‘rinmaydi. Shartta ashulani boshlab yubordim:
Xoh g‘o‘zam, xoh-xoh g‘o‘zam, Hosili oppoq g‘o‘zam, –
deyman-u, buralib-buralib o‘yinga tushib yuboraman. Keyin ikki qo‘limni biqinimga qo‘yib, egilib, g‘o‘zalarga salom beraman-da:
Xoh g‘o‘zam, xoh-xoh g‘o‘zam, Hosili oppoq g‘o‘zam, –
deb kuylab yo‘lda davom etaman. Qorong‘i tushib, osmonda charaqlab yulduzlar ham ko‘rinib qoldi. Ammo hali aytganimdek, yo‘lning oxiridan darak yo‘q.
Bir mahal ko‘chaning chap tomonidan miltillab chiroq yorug‘i ko‘rinib qoldi. Borib qarasam, yetmish yoshlarga kirgan, oppoq soqoli ko‘ksiga tushib turgan bir otaxon yonboshlab olib xo‘rillatib ko‘k choy ichyapti. Oyoq tomonda – toshfonus, o‘shaning yorug‘ini ko‘rgan ekanman.
– Assalomu alaykum, otaxon! – dedim cho‘zib, – suv quyyapsizmi?
– Vaalaykum, – otaxon chordana qurib o‘tirib oldi, – kel, o‘g‘lim, kel. Qani, beriroq kel-chi, tanimayroq turibman. Kimning o‘g‘lisan o‘zi?
– Dadamning o‘g‘liman, – deb yuboribman shoshilib. Hashpash deguncha ikkovimiz ota-boladek bo‘ldik-qoldik. Otaxonning ismlari Polvontog‘a ekan. Ishimning o‘ngidan kelganini qarangki, Polvontog‘a yolg‘iz o‘zi zerikib o‘tirgan ekan. Menga o‘xshash esli-hushli, gapga tushunadigan bir yigitga juda-juda ham zoriqib o‘tirgan ekan. Xursand bo‘lib ketganidan otaxon meni obdan mehmon qildi, keyin termosdan choy quyib berayotib:
– Obbo o‘g‘lim-ey, obbo taylog‘im-ey, – deb qo‘ydi.

– Otaxon, bu g‘o‘zalar qaysi kolxozniki? – sekin maqsadga o‘tdim.
– Kolxozniki emas, sovxozniki. Oltinchi sovxozniki. O‘g‘lim, qani qanddan ol, choy rasmi qand bilan ichiladi.
– Otaxon, sovxozlaringga agronom kerak emasmi?
– Sovxozga kerak-kerakmasligini bilmayman-u, ammo-lekin bizning bo‘limga agronom kerak. O‘zimizning agronom oblastga ko‘tarilib ketdi. Umringdan baraka topkur ko‘p azamat yigit edi. Nima, dadang agronommi deyman?
– Dadam emas, mening o‘zim agronomman.
– Nima?! Mushtumdek bola-ya! – shunday deb otaxon menga boshdan oyoq razm solib chiqdi. Men qo‘ltig‘imda turgan qalpoqchamga «qalpoqcham, sehringni ko‘rsat», deb asta shivirladim-da, ovozimni chiqarib:
– Otaxon, meni chog‘imda yosh bola deb o‘ylayapsiz shekilli?– deb shartta o‘rnimdan turgan edim, Polvontog‘am mirzaterakdek bo‘yimni ko‘rib:
– Yopirim-ey, yopirim-ey! – deb soqolini changallab, hang-u mang bo‘lgancha menga tikilib qoldi. – Hozirgina yosh bola eding-ku yo tush ko‘rayotibmanmikin-a! Astag‘firullo...
– Otaxon, men o‘zi shunaqaman, – dedim shoshib-pishib, – bir qarasangiz yosh boladek, yana bir qarasangiz katta odamdek ko‘rinaman.
– Yopir-ey, yopir-ey! – derdi otaxon tinmasdan. U bir nafasdan so‘ng o‘ziga kelib, «shunday qilib, agronomman deng, o‘g‘lim» deb so‘radi.
– Ha, otaxon, agronomman.
– Bizning sovxozga ishga kirmoqchi bo‘lib yaxshi qilibsiz, o‘g‘lim. Sovxozimiz keng, hammaga ham ish yetib ortadi. Farg‘ona tomondan bo‘laman, dedingizmi?
– Ha, Farg‘ona tomondan bo‘laman.
– Ota-onalar hayotmi?
– Hayot, otaxon, hayot.
– Barakalla. Ularning davrida u yoq-bu yoqni ko‘rib olganingiz ma’qul. Musofir bo‘lmasang, musulmon bo‘lmaysan, deydilar keksalar. Ertalab sovxoz direktorining oldiga o‘zim boshlab boraman. Farg‘onadan meni qora tortib kepti, hamshaharim bo‘ladi, ishga olsang ham olasan, olmasang ham olasan, deb turib olaman...
O‘sha kechasi Polvontog‘a bilan dalaning o‘zida yotib qoldik. O‘ziyam anchadan buyon bunaqangi huzuri jon bo‘lmagan edi. Sement ariqlarda hayqirib oqayotgan suvlardan egatlarga tarab qo‘ydik-da, yerning o‘rtasiga qilingan baland supada cho‘zilib yotdik. Olis-olislarda miltillab chiroqlar yonadi, ko‘kdagi yulduzlarni aytmaysizmi, charaqlab ko‘zni olay deydi. Oy bo‘lsa tepamizga kelib allaqanday sarg‘ish, allaqanday ko‘kimtir nurlar sochadi. Qalbimizda hech tushunib bo‘lmaydigan, shodlikka ham, g‘ussaga ham o‘xshamaydigan g‘alati-g‘alati hislar uyg‘otgandek bo‘ladi. Suv o‘z tilida bir nimalar deb chuldiraydi, chigirtkalarning basma-basga kuylashi, qurbaqalarning pashsha tuta olmaganidan kimgadir shikoyat qilayotgandek cho‘zibcho‘zib qurillashi – mana shularning hammasi menga, negadir, qishlog‘imizni eslatib yubordi. Chalqancha tushib, ikki qo‘limni boshim ostiga qo‘ygancha yulduzlar chamaniga mahliyo bo‘lib yotarkanman, shu paytda oyijonim, jondan yaxshi ko‘rgan singillarimni eslab ketdim. Ehtimol, bechora oyijonim sochlarini yulib faryod chekayotgandir, dalama-dala, qishloqma-qishloq bo‘zlab meni axtarib yurgandir. Oyijon, oyijonim, meni axtarmang, meni deb ko‘zyoshlaringizni oqizmang. Hoshimboyning ishlari besh, katta sovxozga katta agronom bo‘lay deb turibdi...
O‘ylay-o‘ylay uxlab qolibman.

Sovxoz direktori baland bo‘yli, yelkalari keng, polvonnamo bir kishi ekan. Gapirganda ovozi xuddi xumning ichidan chiqqandek guldirab, jaranglab eshitiladi. Kulganda tomni ko‘tarib yuborgudek qattiq kuladi, yurganda uyning pollari lapanglab ketadi. Polvontog‘a meni tanishtirgach:
– Hoshimboy hali yosh, uni o‘zing tarbiyangga olasan, – deb tayinladi sovxoz direktoriga.
– Otaxon, Sizning gapingizni hech qaytarolmayman, – dedi

direktor menga zimdan razm solib, keyin mening o‘zimdan ham so‘rab qo‘ydi:
– Qaysi institutni bitirgansiz?
– Agronomlik institutini.
– Qaysi fakultetini?
– Agronomlik fakultetini.
– Yaxshi. Ilgari ishlaganmisiz?
– Yo‘q.
Akbar aka Nosirov unaqangi ezma direktorlardan emas ekan, gapni cho‘zib meni ham, o‘zini ham qiynab o‘tirmadi-yu shartta agronom qilib tayinladi-qo‘ydi.
O‘sha kuni ikkovimiz uning «Villis»iga o‘tirib dala aylandik. To‘rtinchi bo‘limga tayinlangan ekanman, ixtiyorimda 1200 gektar paxta maydoni-yu 12 brigada. Akbar aka meni jamiki brigada boshliqlari, men rahbarlik qilishim kerak bo‘lgan odamlar bilan birma-bir tanishtirib chiqdi. Minib yuring deb, «IJ» markali mototsikl berib, oylik maosh ham tayinladi.
– Eng muhimi, o‘rtoq Ro‘ziyev, – dedi u ta’kidlab,– odamlar bilan ishlash. Agar kishilar bilan yaxshi muomala qilsangiz, ularning qalbiga yo‘l topa olsangiz ish o‘z-o‘zidan yurishib ketaveradi. Tushunarlimi?
– Tushunarli, o‘rtoq Nosirov! – dedim. Mototsiklni olishga olib qo‘ydim-u, lekin yashirib nima qilaman, haydashni bilmas edim. To‘g‘ri, dadamning mototsikliga uch-to‘rt bor minganim bor. O‘t oldirishni, gaz berishni, tezligini oshirib, pasaytirishni o‘shanda uncha-muncha o‘rgangan edim.
Uch kun mototsikl minishni mashq qilib, to‘rtinchi kundan boshlab dala aylanishga tushdim. Bu yerning odamlari ajoyib kishilar ekan. Qayerga bormay, hurmatimni joyiga qo‘yib, kutib olishadi. Choy, ba’zan qozon osib ovqat ham tayyorlashadi. Ikki marta tovuq sho‘rva ham qilib berishdi. «Aroq-paroq ham ichasizmi?» deb so‘rashgan edi, «tag‘in mast bo‘lib qolib aljib o‘tirmay» deb: «Yo‘q, men ichkilikni yomon ko‘raman», – deb qo‘ya qoldim. Gohida:

– O‘rtoq agronom, sizningcha, mahalliy o‘g‘itga superfosfatni aralashtirib solgan yaxshimi yoki superfosfatni selitra bilan tashlayveraylikmi? – deb so‘rab qolishadi.
Superfosfat nimasi-yu selitra nimasi, rostini aytsam, o‘zim ham bilmayman. Ilgari bunaqangi gaplarni hech eshitmagan ekanman. Lekin shunday bo‘lsa ham sir boy bermayman:
– Shuni ham so‘rab o‘tiribsizlarmi, – deb jo‘rttaga balanddan kelaman, – kim aytadi sizlarni Mirzacho‘lning mashhur paxtakorlari deb, uyat emasmi!?
Aylanib yurib to‘rtinchi brigada dalasida janjal ustidan chiqib qolibman. Bo‘lim boshlig‘i O‘rmon aka bilan brigadir Rahimjon aka nima to‘g‘risidadir qo‘llarini paxsa qilib bahslashmoqda edi. Meni ko‘rishi bilan bo‘lim boshlig‘i:
– O‘rtoq agronom, Sizdan bir iltimosim bor, – deb qoldi.
– Marhamat, – mototsikldan asta tushdim.
– Agar malol kelmasa mana bu Rahimjonga, uning a’zolariga kompost to‘g‘risida bir gapirib bersangiz. Bular haligacha hech narsa tushunishmas ekan.
– Marhamat, – dedim-da, u yoq-bu yoqqa qarab olgach, leksiya o‘qishga tushib ketdim, – o‘rtoqlar, kompost juda foydali ichimlik, uni asosan mevadan tayyorlashadi. Mevalarning xili qancha ko‘p bo‘lsa, u shuncha shirin bo‘ladi. Bizning Farg‘ona tomonlarda kompostni o‘rik, shaftoli qoqi va olchaning qurug‘idan tayyorlashadi. Xullas, kompost ichmabsiz, dunyoga kelmabsiz...

Gapimni tugatmasimdan o‘tirgan odamlar sharaqlab kulib yuborishdi. Qiziqroq gap aytgan bo‘lsam kerak deb, mening o‘zim ham kulaverdim, rosa kulishdik. Keyin bilsam, o‘sha kuni obdan sharmanda bo‘lgan ekanman. Go‘ngni achitib tayyorlanadigan kompost bilan mevalardan tayyorlanadigan kompotning farqiga bormasdan, rosa aljibman, o‘sha kundan boshlab to‘rtinchi brigada dalalariga qadam bosmaydigan bo‘lib ketdim. Qisqasi, mana shunga o‘xshash ikir-chikirlarni hisobga olma-
ganda ishlarim ko‘ngildagidek, kayfim chog‘ edi. Qani endi direktorimiz Otajon Azizovichmi yoki menga ikki baholar qo‘yishdan hech charchamaydigan Qobilovmi mana shu yurishlarimni bir ko‘rishsa-yu, o‘qimasdan katta odam bo‘lib olganimni, mas’ul ishda ishlayotganimni ko‘rib o‘z aytganlariga pushaymon bo‘lishsa deb o‘ylayman...


Adabiyot 6-sinf I kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz