O‘ZBEGIM QASIDASI HAQIDA




Sharq mumtoz she’riyatida qasidalar asosan podshohlar, amir-u xonlar sha’niga, ular tomonidan qilingan xayrli ishlarni olqishlash maqsadida bitilardi. Erkin Vohidov esa ona xalqi – o‘zbegimga qasida bag‘ishlaydi.

Qasida xalqimizning shavkatli tarixiga sayohatdan boshlanadi:
Tarixingdir ming asrlar
Ichra pinhon, o‘zbegim, Senga tengdosh Pomir-u
Oqsoch Tiyonshon, o‘zbegim.
So‘ylasin Afrosiyob-u
So‘ylasin O‘rxun xati, Ko‘hna tarix shodasida
Bitta marjon, o‘zbegim.
Al-Beruniy, Al-Xorazmiy,
Al-Forob avlodidan, Asli nasli balki O‘zluq,
Balki Tarxon, o‘zbegim.
Ta’kidlanganidek, bu asar yozilgan paytlarda xalqimiz tarixini to‘la va atroflicha o‘rganish, ayniqsa, o‘tmishda o‘tgan sarkardalar, amirlar va xonlar faoliyatiga xolis baho berish nihoyatda mushkul, xatarli ish edi. Ma’lumki, o‘z o‘tmishini, ota-bobolari merosini bilish millatga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi, uni o‘zligini tanish, haq-huquqini anglash darajasiga olib chiqadi. Bundan esa sho‘ro rahbariyati nihoyatda cho‘chir, xalqlar tarixi, jumladan, o‘zbek millati o‘tmishi faqat qora bo‘yoqlarda aks ettirilardi. O‘tmishga nisbatan «chirkin», «zulmatli», «nursiz», «zararli» singari sifatlar ishlatilar, millatlarni o‘z tarixidan bezdirishga harakat qilinardi.
Shu sharoitda Erkin Vohidov o‘zbekning «ming asrlar ichra pinhon» tarixini ko‘hna Samarqandda saqlanib qolgan Afrosiyob yodgorligidan, Mo‘g‘uliston va Sibirdagi O‘rxun va Enasoy (Yenisey) daryolari qirg‘oqlaridan topilgan qadimgi turkiy toshbitiklardan izlash lozimligini aytadi. O‘zluq, Tarxon singari to‘qson ikki urug‘ni o‘zida jamlagan o‘zbekning Beruniy, Xorazmiy, Forobiydek ahli donishlari bu xalqning naqadar ulug‘vorligidan so‘zsiz shahodat ekanini ta‘kidlaydi.
Yevropadan Sharqqa qonli yurishlar uyushtirgan Rim imperatorlari, yurtimizdagi yuksak madaniyatni vahshiylarcha toptashga uringan Chingizxon va Botuxon bosqinlari bu o‘lka boshiga ne-ne ko‘rgiliklarni solmadi:
Qaysari Rum nayzasidan
Bag‘rida dog‘ uzra dog‘, Chingiz-u Botu tig‘iga
Ko‘ksi qalqon, o‘zbegim.

Yog‘di to‘rt yondin asrlar
Boshingga tiyri kamon, Umri qurbon, mulki taroj,
Yurti vayron, o‘zbegim.

Ozodlik va hurlikni har narsadan ustun qo‘yadigan, bu yo‘lda kurashdan toliqmaydigan xalqimizning yengilmas ruhi uni jamiki talotumlardan omon saqlab keldi. To‘maris, Shiroq, Spitamen, Muqanna, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur singari mard farzandlar Vatanimiz tuprog‘ini yovlardan asrash yo‘lida mislsiz qahramonlik ko‘rsatdilar. Shoir ko‘ngli millatimizning bu tarixiy jasoratidan haqli ravishda g‘urur tuyadi:
Davr zulmiga va lekin
Bir umr bosh egmading,

Sen – Muqanna, sarbador – sen,
Erksevar qon, o‘zbegim.
O‘zbek xalqi dunyo fani, madaniyati, adabiyoti rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan mutafakkir farzandlari bilan ham dovruq qozongan. 2006-yilda xalqaro miqyosda keng nishonlangan Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000 yillik yubileyi ham bu fikrning yorqin dalilidir. Shoir Abdulla Oripov «O‘zbekiston» she’rida: «Dengiz ortin yoritdi ilk bor Beruniyning aql mash’ali» degandi. Chunki ispaniyalik sayyoh Xristofor Kolumb tug‘ilishidan bir necha asr ilgari bizning donishmand bobomiz Abu Rayhon Beruniy Yer sharining narigi tomonida katta bir qit’a mavjudligini ilmiy asoslab bergandi. Boshqacha aytganda, Amerikani nazariy jihatdan kashf etgan ham, koinot xaritasini tuzgan ham, insoniyat she’riy tafakkurini eng yuqori bosqichlarga ko‘targan ham bizning buyuk ajdodlarimiz hisoblanadi:
Tuzdi-yu Mirzo Ulug‘bek
Ko‘ragoniy jadvalin, Sirli osmon toqiga ilk
Qo‘ydi narvon o‘zbegim.
Mir Alisher na’rasiga
Aks sado berdi jahon, She’riyat mulkida bo‘ldi
Shoh-u sulton o‘zbegim.
Qasida davomida o‘tmishimizning yana boshqa ko‘plab ibratli sahifalari varaqlanar ekan, shoir ona xalq tarixini mukammal talqin etmoqqa ojiz ekaniga kamtarlik ila ishora qiladi:

Tarixing bitmakka, xalqim,
Mingta Firdavsiy kerak, Chunki bir bor chekkan ohing
Mingta doston, o‘zbegim.

Shundan so‘ng asarda zamonaviy O‘zbekiston vasfi boshlanadi. Bilasizki, har yili kuz faslida saxiy yerimiz yil – o‘n ikki oy mehnat qilgan dehqonni o‘zining ne’matlari ila siylaydi. Bizning yurtimiz paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadi. Agar kuz faslida safarga chiqsangiz ko‘rasizki, mamlakatimizdagi yuzlab paxta tayyorlash punktlarida momiq oq oltindan oppoq tog‘lar uyuladi. Shoir bu manzarani quyidagicha obrazli ifodalaydi:
Faxr etarman, ona xalqim,
Ko‘kragimni tog‘ qilib, Ko‘kragida tog‘ ko‘targan
Tanti dehqon o‘zbegim.
O‘zbegim deb keng jahonga
Ne uchun madh etmayin!
O‘zligim bilmoqqa davrim
Berdi imkon, o‘zbegim.
Yuqorida aytganimizdek, sho‘ro mafkurasi barchani «ulug‘ sovet xalqi» ro‘yxatiga tirkagan, ijodkorlardan ham asosan mana shu tushuncha to‘g‘risida hamd-u sanolar bitishni talab etardi. Shoir mana shu qaltis siyosatdan cho‘chimay, avvalo o‘z xalqiga sodiq farzand bo‘lmoqlikni maqsad qiladi.

Men buyuk yurt o‘g‘lidurman,
Men bashar farzandiman, Lekin avval senga bo‘lsam
Sodiq o‘g‘lon, o‘zbegim.

Menga Pushkin bir jahon-u,
Menga Bayron bir jahon, Lek Navoiydek bobom bor,
Ko‘ksim osmon, o‘zbegim.
Har birimiz shu Vatanda dunyoga ko‘z ochgan ekanmiz, ona xalqimiz bizga bergan oq sut va tuzni oqlamog‘imiz, uning ravnaqi yo‘lida butun kuch-g‘ayratimizni sarf etmog‘imiz lozim. Vatandan esa shunchaki faxrlanishning, iftixor etmoqning o‘zi yetarli emas. Inson shunday yashamog‘i kerakki, xalqi undan iftixor etsin, uni tarbiyalab voyaga yetkazganiga rozi bo‘lsin. Faqat shundagina inson hayotini, ijodkor umrini mazmunli o‘tdi, deb aytish mumkin bo‘ladi:
Bu qasidam senga, xalqim,
Oq sut-u tuz hurmati, Erkin o‘g‘lingman, qabul et,
O‘zbegim, jon o‘zbegim.


Adabiyot 6-sinf I kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz