O‘tkir HOSHIMOV




O‘tkir Hoshimov katta iste’dod egasi edi. Adib – o‘ndan ortiq roman va qissa, ko‘plab ta’sirchan hikoyalar, bir necha sahna asarlari muallifi. U dastlabki yirik asari bilanoq ulkan adibimiz Abdulla Qahhorning nazariga tushgan, undan «Sof, samimiy, tabiiy, iliq, rohat qilib o‘qiladigan asar» yozgani uchun maqtov olgan yozuvchidir.

O‘tkir Hoshimov 1941-yil 5-avgustda Toshkentning Do‘mbirobod mahallasida tug‘ilgan. O‘quvchilik chog‘laridayoq ijod bilan shug‘ullangan. Dastlabki kitobi esa talabalik yillarida chop etilgan. Adib asarlarining hayotiyligi, o‘quvchiga tez ta’sir etishi uning tarjimayi holi bilan bog‘liq. Darhaqiqat, yozuvchi yoshligidan ijodiy ishni amaliy mehnat bilan barobar olib borgan. Uning hayot yo‘liga diqqat qiladigan bo‘lsak, nashriyotda xat tashuvchi, musahhih, muxbir, gazetada bo‘lim mudiri, nashriyotda va jurnalda bosh muharrir bo‘lib ishlaganini ko‘ramiz.

«Qatag‘on», «Inson sadoqati», «To‘ylar muborak» nomli dramalari respublikamiz teatrlarida sahnalashtirilgan. Bundan tashqari, yozuvchining ko‘plab axloqiy-ma’rifiy mavzudagi ssenariylari televideniyeda ekranlashtirilgan.

O‘tkir Hoshimov O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1991-yil) unvoni, «Mehnat shuhrati» (1996-yil) va «Buyuk xizmatlari uchun» (2001-yil) ordenlari bilan taqdirlangan. Adib 2013-yil 24-mayda vafot etdi.

Aziz o‘quvchilar! Siz bilan sevimli adibimizning «Urushning so‘nggi qurboni» hikoyasi haqida gaplashamiz va bu asarni to‘liq o‘qib chiqishni maslahat beramiz. Chunki asar urush haqida, urushning fojiali oqibatlarga olib kelishi haqida. Darhaqiqat, insoniyat tarixida eng dahshatli qirg‘inbarot – Ikkinchi jahon urushi millionlab kishilar yostig‘ini quritishdan tashqari, odamlar ongi, ruhiyatida ham yomon o‘zgarishlar yasadi. Ochlik, muhtojlik odamlarni asabiy, bir-biriga g‘anim qilib qo‘ydi, ayrimlarni egri yo‘lga boshladi.
«Urushning so‘nggi qurboni» hikoyasi qahramoni Umri xola urush ketayotgan joylardan minglab kilometr uzoqda bo‘lsa-da, halok bo‘ladi. Umri xola o‘limi sabablarini asarni o‘qigach, anglab olasiz.


Adabiyot 6-sinf I kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz