JANNI RODARI ERTAKLARI HAQIDA




Ertaklar – xayolot mahsuli. Deyarli barcha ertaklardagi umumiy jihat shundaki, ushbu janrga mansub asar qahramonlari og‘ir vaziyatga tushib qolganlarida, chigal muammoga duch kelganlarida, ularga qayerdandir madad yetib keladi. J. Rodarining «Hurishni eplolmagan kuchukcha» va «Shahzoda Plombir» ertaklari ham ana shunday voqealar zaminiga qurilgan. Avvalo, «Hurishni eplolmagan kuchukcha» ertagiga to‘xtalaylik.
Bu ertak zamirida ham chigal muammoni qanday hal etish masalasi ko‘ndalang bo‘ladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Janni Rodari «Uchtadan oxiri bor ertaklar» turkumi bilan jahon ertakchiligida yangi bir usulni yaratdi.

«Hurishni eplolmagan kuchukcha» ham shu turkumga mansubdir. Ertakda tasvirlanishicha, bir kuchukcha aslida hurishi lozimligini eshitgani holda, uning qanday bo‘lishini tasavvur qila olmaydi. Qolaversa, o‘zining qaysi zotga mansubligi, nima bilan shug‘ullanishi lozimligini uzoq vaqt anglay olmay sarson bo‘ladi. Kimdir unga «Kuchuk degani huradi-ku» deb ta’na qilganda, yordam so‘rab xo‘rozga, kakkuga, sigirga murojaat qiladi. Biroq ular o‘z tabiatlariga ko‘ra nimaga qodir bo‘lsalar, kuchukchaga shuni o‘rgatadilar: kuchukcha ular «yordamida» xo‘rozday qichqirishni, kakkuday sayrashni, sigirday mo‘rashni o‘rganib oladi, o‘zicha bu hunarlar orqali mashhurlik darajasini egallayman, deb xomxayolga beriladi. Bir dehqon qo‘liga tushganda esa, uning umuman hurmasligi evaziga bo‘yniga zanjir osiladi, har kungi nasibasi bir parcha suyak bo‘ladi.
Nihoyat, kuchukcha ovchi itning ko‘magi bilan o‘z mashg‘uloti «vovullash»dan iborat ekanini tushunib yetadi va vovullab rohatlanadi. Bu, albatta, ertakning yuzaki mazmunidir.

Haqiqatan ham, bu fikrga qo‘shilsa bo‘ladi. Adibning fikrlarini davom ettirib, ularga quyidagilarni qo‘shimcha qilish mumkin: tabiat va jamiyatda hamma narsaning o‘z o‘rni bo‘lishi lozim. Jajji kuchukcha hayotda o‘z o‘rnini, mashg‘ulotini topguncha qiynaldi, o‘ziga yot bo‘lgan mashg‘ulotlar – xo‘rozday qichqirish, kakkuday sayrash, sigirday mo‘rashni ham foydali tomonga yo‘naltirishga harakat qildi, go‘yo. Hatto, hurishni bilmay turib ham o‘ziga munosib ish topib olgandek ham bo‘ldi. Biroq u faqat ovchi itiga duch kelgandagina ichida tushuntirish va tushunish qiyin bo‘lgan tuyg‘uni boshdan kechiradi. Avvaliga qayerdan kelayotgani noma’lum bo‘lgan g‘alati ovoz uning yuragiga jiz etib tekkanday bo‘ladi, yuragini o‘ynatib yuboradi...

Endi bir savol ustida o‘ylab ko‘raylik: kakkudek sayrashni, xo‘rozdek qichqirishni, sigirdek mo‘rashni tinimsiz mashq qilaqila zo‘rg‘a o‘rgangan kuchukchadagi bu o‘zgarishning, hayajonning boisi ne? Nima uchun u «birdaniga hura ketadi»? Hamma gap shundaki, yozuvchi mana shu mitti kuchukcha taqdirida odamzodga xos bo‘lgan muhim va abadiy muammolardan biriga javob izlagan. Ya’ni dunyodagi har bir mavjudot, ayniqsa, inson, avvalo, o‘zini, o‘zligini tanimaguncha, kimning avlodi, asosiy vazifasi nimadan iborat ekanini anglamagunga qadar hayotda o‘z o‘rnini hech qachon topa olmaydi. Bunday kimsalarning o‘zgalar kulgisi va mazaxiga duchor bo‘lishi aniqdir.
Bu jihatdan kuchukchaning dehqon qo‘liga tushgan holati Siz-u bizni, ayniqsa, jiddiy o‘yga toldirmog‘i lozim. O‘z tabiatidan yotlik, hayotdagi chinakam vazifasini anglamaslik kuchukchaning bo‘yniga temir zanjirni soladi, rizqini esa bir parcha suyakdan iborat qilib qo‘yadi.

Demak, har bir odamning, har bir xalqning, avvalo, o‘z tabiatiga sodiq bo‘lmog‘i, ajdodlari an’analarini teran anglab yetmog‘i, ularni har narsaga chalg‘imay davom ettirmog‘igina uning o‘zligini tanishiga garov bo‘la oladi. Janni Rodari Siz bilan bizni ana shu haqiqatni unutmaslikka chaqiradi. Ertakdan kelib chiqadigan eng muhim xulosaning ma’nosi ham, asarning tarbiyaviy ahamiyati ham aynan shunda.
Adibning «Rim ertaklari» turkumiga kirgan «Shahzoda Plombir» ertagi esa zamonaviy muammolarga daxldorligi bilan qiziqarlidir. Unda an’anaviy ertaklardagi qahramonlarni og‘ir, murakkab vaziyatlardan qutqaruvchi sehrli tayoqcha yoxud sehrli qalpoqcha o‘rnini reklama egallaydi.

«Shahzoda Plombir» ertagining qahramoni senyor Molteni
«Qo‘shaloq qutb» firmasidan kreditga, ya’ni qarzga xolodilnik (muzlatkich) olgan. Ma’lumki, kreditga olingan buyumning haqini oyma-oy oz-ozdan to‘lab borish kerak. Lekin senyor Molteni bu qarzni ikki oydan beri to‘lay olmayapti. Buning oqibati esa ma’lum: qarzini o‘z vaqtida to‘lay olmagani uchun firma uning xolodilnigini qaytarib oladi.

Xuddi shu o‘rinda mo‘jiza ro‘y beradi. Senyor Molteni yashaydigan ko‘p qavatli uyning barcha xonadonlaridagi xolodilniklar ichiga samoviy kelgindilar – marsliklar joylashib olishadi. O‘z sayyoralarida falokat xavfi tug‘ilgani sababli ular Yerning Shimoliy qutbiga yo‘l olishadi. Biroq kemalarining yonilg‘isi tugab (bu yonilg‘i yangi yog‘gan qor ekani ertakdan ma’lum), ular senyor Molteni yashaydigan uyga qo‘nishga majbur bo‘lishadi.
Xullas, bu voqea haqidagi xabar butun shaharga, shahardan esa butun dunyoga tarqab ketadi. Ayniqsa, senyor Moltenining xolodilnigiga joylashib olgan kelgindilarning boshlig‘i – shahzoda Plombirni ko‘pchilik yaxshi ko‘rib qoladi. Uning, hatto, televizor orqali so‘zga chiqishi katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi.
Aziz o‘quvchi, siz «bozor iqtisodiyoti» degan iborani ko‘p eshitgansiz.

«Shahzoda Plombir» ertagida ham yozuvchi reklamaning ajabtovur xususiyatini muammolar yechimiga asos qilib oladi. Ya’ni, senyor Molteni xolodilnigiga joylashgan shahzoda Plombir bayonot berib, unda «Qo‘shaloq qutb» markali xolodilniklarni Quyosh sistemasidagi eng ajoyib muzlatkichlari deb e’lon qiladi. Demak, endi bu firmaning ming-minglab xaridorlari paydo bo‘ladi, firma egalariga katta daromad oqib kela boshlaydi. Shahzoda Plombir aytganidek, senyor Moltenidan «Qo‘shaloq qutb» firmasi nafaqat to‘lanmagan qarzni, hatto, qolgan pulni ham talab qilmaydi.

An’anaviy xalq ertaklarida og‘ir vaziyatga tushib qolgan qahramonga, aytilganidek, hayvonlar, qushlar, sehrli tayoqcha va qalpoqcha yordamga kelishadi. J. Rodarining ushbu ertagi esa zamonaviyligi bilan ajralib turadi. Unda bugungi uy-ro‘zg‘or buyumlaridan tortib to fazoviy kemalargacha bo‘lgan ashyolarni uchratamiz. Demak, har qanday zamonda ham insonning qadri oddiy ashyolardan baland turadi, har qanday davrda ham kimgadir yaxshilik qilish eng go‘zal fazilat bo‘lib qolaveradi, degandek bo‘ladi Janni Rodari.
Xulosa qilib aytganda, butun dunyo bolalarining sevimli yozuvchisiga aylangan J. Rodarining sanab o‘tilgan ertaklari, xususan, «Shahzoda Plombir» asarini topib o‘qish Sizga olamolam zavq berishi shubhasiz.


Adabiyot 6-sinf I kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz