Taniqli o‘zbek adibi G‘afur G‘ulomning tarjimayi holi, «Mening o‘g‘rigina bolam» nomli hikoyasi bilan o‘tgan o‘quv yilida tanishgan edingiz. Yodingizda bo‘lsa, bo‘lg‘usi adib 1903-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Uning ayni o‘ynab-kuladigan, baxtli va betashvish kunlarni kechirishi lozim bo‘lgan bolalik onlari Birinchi jahon urushi davri (1914–1918-yillar)ga to‘g‘ri keldi.
Bunga qo‘shimcha, yurtimizni bosib olgan chor Rossiyasi mustamlakachilari urush ortidagi og‘ir qora ishlarni bajartirish uchun bizning o‘lkamizdan ham erkaklarni – qo‘lidan ish keladigan kishilarni majburan mardikorlikka olib ketardi. Boquvchisidan ajragan xonadonlar, ayollar va bolalar nihoyatda ayanchli ahvolda qolgan, shu sharoitda og‘ir mehnat bilan yetishtiriladigan aksariyat noz-ne’matlarni chor hukumati turli bahonalar, aldovlar bilan yurtdan tashib ketardi. Ko‘chalarda daydib yurgan to‘p-to‘p tilanchilar va gadoylar safiga urush bo‘layotgan joylardan jon saqlash uchun qochib kelgan yuz minglab och odamlar ham qo‘shilgandi.
Bo‘lg‘usi adib mana shu musibatga to‘la kunlarni o‘z boshidan o‘tkazar ekan, bolalik tasavvurida bu ko‘rgiliklar uzoq muddatga muhrlanib qolmasligi, qalbini larzaga solmasligi mumkin emas edi, albatta. Keyinchalik – 1936-yilda yozuvchi bu o‘tmish hodisalarini xayolida qayta jonlantiradi va o‘zining mashhur
«Shum bola» nomli qissasini yaratadi. Bu qissa adib umrining oxiriga qadar yanada sayqallanib, boyib boradi, o‘tgan asrning 60-yillariga kelib hozirgi mukammal holiga keltiriladi.
Ayni jarayonlarning bevosita guvohi bo‘lgan adibning iste’dodli shogirdi Said Ahmad o‘zining «Yo‘qotganlarim va topganlarim» nomli xotiralar kitobida, jumladan, quyidagilarni yozadi:
«Shum bola»ning uchinchi qismi yozilayotganda men G‘afur akaning yonida edim. Qissani tezroq yozdirish uchun «Mushtum»dan meni G‘afur akaning uyiga «komandirovka» qilishgan edi.
Uyiga borganimda G‘afur aka yo‘q, qo‘lyozma stol ustida taxlangancha turardi. G‘afur aka menga qo‘lyozmasini ishonardi. Chunki arab alifbosini bilganim uchun uning bir nechta she’r va hikoyalarini mashinistkalarga diktovka qilganman.
Stol ustidagi qo‘lyozmalarni varaqlay boshladim. Shuni ham aytib qo‘yayki, jurnalimiz qissani bitmayoq e’lon qila boshlagandi. G‘afur aka navbatdagi boblarni peshma-pesh keltirib turardi. Biron sabab bo‘lib G‘afur aka komandirovkaga ketib qolsa, jurnalxonlar oldida xijolat bo‘lib qolishdan qo‘rqardik. Shuning uchun ham G‘afur akani hol-joniga qo‘ymay saharlab uyiga borardim. Men borganimda qissa oxirlab qolgan, shum bola Toshkentga qaytib Ko‘sa Maddoh hikoyalarini tinglab turgan paytda to‘xtagan edi.
Domla Shoahmad akani kuzatgani chiqib ketgan ekanlar. Kelib sal xijolat chekkandek bo‘ldilar.
– Bitkazolmadik, ukajon, nima qilsang qil, voy degan nomard!
– Shu bugun olib ketmasam, meni «Mushtum»dan haydab yuborishadi.
Domla ko‘chaga chiqib ketish uchun o‘zini u yoq-bu yoqqa tashlab bahonalar qidira boshladi. Eplolmadi. Oxiri o‘tirdi.
– Bo‘pti. Shu bugun «Shum bola»ga nuqta qo‘yib beraman. Sen chiqib Eski Jo‘vadan bitta «Kazbek» opkelib ber. Men yozib turaman.
G‘afur aka meni ishga buyurib, qochib qolishini bilib turibman. Muharram opa: «Hushyor bo‘ling, akangiz Mirza Abdulla aka bilan allaqayoqqa ketishmoqchi», – deb aytib qo‘ygan edi. Nima qilishimni bilmay qoldim. Hovliga chiqsam, Jo‘raxon shimini cho‘tkalayotgan ekan.
– Jon uka, bitta papiros opkelib bering, – deb yalindim. Jo‘raxon pulni olib zing‘illagancha ketdi.
(Jo‘raxon – G‘afur akaning frontda halok bo‘lgan o‘g‘li. Qirq birinchi yili «Sog‘inish» she‘rini unga bag‘ishlagan edi.) U Mirza Abdulla akaning o‘g‘li Fatxullaning velosipedida ketgan ekan, birpasda papirosni olib keldi. G‘afur aka endi hech qanday bahona topolmay qoldi.
– Quv bola ekansan. Meni yengding.
Ana shundan keyin G‘afur aka og‘zi yon tarafdan qo‘yilgan siyohdonga ruchkani tiqib o‘ylab ketdi. Ruchkani siyohdondan chiqarmay turiboq hiringlab kula boshladi.
– Qizig‘i keldi. Antiqasi keldi. Agar ertaga yozsam bu gap yo kelardi, yo kelmasdi.
G‘afur aka ruchkani qitirlatib yoza boshladi.
Hoji bobo Shum bolaga issiq nonni orqalatib ezmalanib gapirib ketayotgan joyi edi. Qog‘ozga shunday so‘zlar yozildi.
«Ha, shunaqa, bolam. Ota-ona dunyoga mo‘rt keladi. Endi bitta ona topsang bo‘ldi. Ota o‘z oyog‘i bilan keladi...»
Xullas, o‘sha kuni men hovlida qorovul bo‘lib o‘tirdim. G‘afur aka goh meni so‘kib, goh maqtab, qissaga oxirgi nuqtani qo‘ydi.
Umuman, G‘afur akaning yozuv stoli yoniga o‘tirishi qiyin edi. Bir o‘tirib olgandan keyin esa turmasdi. Ayniqsa, she’r bo‘lsa bitta to‘rtlik, hikoya bo‘lsa birinchi sahifa to‘lgandan keyin o‘zi qiziqib ketib, to asar bitmaguncha o‘rnidan turmasdi. Avvaliga xiralik qilib ko‘ziga yomon ko‘rinardik. Bitgandan keyin esa o‘zi minnatdorchilik bildirardi.
– Xo‘p ish qilding-da. Bahona bilan qissa bitib qoldi... Ming to‘qqiz yuz oltmish ikkinchi yili G‘afur aka «Shum bo-
la»ni qo‘liga oldi. Shu qissaning birinchi satrlaridan boshlab stenografiya usulida yozib olgan Shoahmad Shorahmedov G‘afur akani ishga soldi. Qissa boshdan-oyoq tahrir qilindi. Yangi boblar kiritildi. Hoji bobo obraziga juda ko‘p detallar qo‘shildi. G‘afur G‘ulom «Shum bola» qissasini salkam yigirma besh yil ishladi desa yanglish bo‘lmaydi. Qissaning birinchi va ikkinchi qismlari 1936-yilda yozib tugatilgan. Uchinchi qismi qirqinchi yillarning oxirida tugatilgan. Oltmishinchi yillarning boshla-
rida qayta tahrir qilingan.
Quyida «Shum bola» qissasidan bir parchani e’tiboringizga havola qilar ekanmiz, avvalo, bu parchani sinchiklab mutolaa qilishingizni, qolaversa, maktabingiz kutubxonasidan G‘afur G‘ulom kitobini topib, asarni to‘liq holda o‘qib chiqishingizni istar edik. Shuni bilingki, mazkur qissani bugungi kunda nafaqat o‘zbek kitobxonlari, balki dunyoning juda ko‘p joylaridagi tengdoshlaringiz ham miriqib o‘qimoqdalar. G‘afur G‘ulomning
«Shum bola» qissasi dunyodagi ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilinib, qayta-qayta nashr etilayotgani bejiz emas, albatta.
Qissa to‘g‘risidagi suhbatni esa undan bir shingil bahramand bo‘lganingizdan keyin boshlaymiz.