DO‘NAN HIKOYASI HAQIDA




Shoirlarning nasriy asar yozishi adabiyot tarixida ko‘p uchrayvermaydi. Ham she’rlari, ham nasriy asarlari bilan tanilgan ijodkorlardan biri esa Turob To‘ladir.

«Yetti zog‘ora qissasi» shoir Turob To‘laning nasriy yo‘nalishda yozgan dastlabki asari edi. Agar aksariyat yozuvchilar nasrdagi ijodini kichik janrlardan, masalan, hikoyalar yozish bilan boshlagan bo‘lsa, Turob To‘la birdaniga yirik qissaga qo‘l uradi. Biroq, shunga qaramay, uning mazmun-mohiyati, kitob qahramonlarining jonli xarakteri, tili va uslubi muallifning bu borada katta muvaffaqiyatga erishganidan dalolat beradi.

O‘qishidan ta’tilga chiqqan Siz tengi bola Toshtemir buvasi Baxshilla maxsumdan Turbat qishlog‘iga olib borishni iltimos qilishi bilan boshlangan bu qissa o‘nlab hikoya, afsona, rivoyat va ertaklarni o‘z ichiga oladi. Asosiy hikoyachi Baxshilla maxsumdir. U o‘z hayotida ko‘rgan-kechirganlarini, kattalardan eshitgan rivoyatlarni nabirasiga yo‘l davomida nihoyatda qiziqarli tarzda aytib boradi. Ularda turli zamon kishilarining birbiridan ibratli taqdiri, o‘quvchi e’tiborini o‘ziga tortib oladigan g‘ayritabiiy voqea-hodisalar hikoya qilinadi.
Shunisi e’tiborliki, yozuvchi bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan bu qissaga o‘z davrida qalamga olish taqiqlangan mavzularni ham dadil olib kiradi, yosh do‘stlariga milliy tariximizning shonli sahifalarini bildirib ketishdan cho‘chimaydi.

Turob To‘laning bu mavzularga maxsus to‘xtalishi uning buyuk tarixga ega ona xalqi oldidagi farzandlik burchini teran anglagani va boshqalarga ham anglatmoqchi bo‘lganini ko‘rsatadi. Chunki o‘tgan asrning 70–80-yillarida, sobiq sho‘rolar mamlakatida xalqlar va milliy madaniyatlar tarixiga, millatlarning din-u diyonatiga past nazar bilan mensimay qaralar edi. Bu mavzularda ilmiy yoki badiiy izlanishlar olib borish qattiq ta’qib etilar, ijodkorlar ayovsiz tanqid ostida qolardilar. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘zining «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida ta’kidlaganidek: «Bularning barchasi zamirida sovet mafkurasiga xos bo‘lgan, odamzodni tarixiy xotira, Vatan tuyg‘usidan judo qilishga qaratilgan g‘arazli intilishlar mujassam ekanini anglash, tushunish qiyin emas» (92-bet) edi.

«Yetti zog‘ora qissasi» asarini o‘qir ekansiz, ona tilimiz – o‘zbek tilining qanchalar boy va shiraliligi, u orqali chizilgan tabiat va inson manzaralarining naqadar tiniqligiga ham guvoh bo‘lasiz.

Muallifning badiiy mahoratini yuqoridagi mo‘jaz hikoya ham yaqqol ko‘rsatib turibdi. Toshtemirning buvasi o‘z bolaligidan xotira bo‘lib qolgan hodisani aytib berar ekan, biz unda bir emas, bir necha insonning takrorlanmas xarakteri bilan tanishamiz.

Avvalo, do‘nan otiga xuddi o‘z jigaridek o‘rganib-bog‘lanib qolgan bola Baxshilla qalbidagi jonivorlarga shafqat va muhabbat hissi o‘quvchiga ham tezda yuqadi. Agar Do‘nanga Baxshillaning ko‘zi bilan qaralsa, uning «ot emas, odam» ekaniga bemalol ishonsa bo‘ladi. Do‘nanning uxlab yotgan egasini chaqmoqchi bo‘lgan ilon boshini majaqlashi ham, boshqa otlardek o‘rta ariqdan suv ichib ketavermay, Toshloqdagi buloq suvinigina ichishi ham, xuddi odamlarga o‘xshab yo‘lning o‘ng tomonidan yurishi ham shundan dalolat. Voqealar rivoji Baxshillani suygan otidan, otni esa boladan ajratish aslo mumkin emasligini ishonarli isbotlaydi. Inson va hayvonot olami, yaratilishidan ona tabiatning bir-birini to‘ldiruvchi, bir-biriga nihoyatda muhtoj farzandlari ekanini yana bir bor dildan his qilamiz. Baxshilla kimdandir, masalan, akasidan o‘ch olish maqsadida yoxud kimgadir, masalan, dadasiga achchiq qilib ovqat yeyishdan bosh tortmaydi, aslo. Uning hikoyasida «Hech ovqat tilamay qo‘ydi tabiatim, ishtaham bo‘g‘ilib qoldi, uch kunda qiltiriq bo‘lib qoldim, oyim qo‘rqib ketdilar, o‘zim ham» degan muhim o‘rin bor. Bu gapga alohida e’tibor qaratishimiz kerak, bolalar. Chunki faqat chinakam mehr, chinakam insoniy tuyg‘ulargina odamni shu ko‘yga solishi mumkin. Ya’ni yaxshi-yomon kunlarida doim yonida bo‘lgan, «onasining qornidan tushiboq, dingillab» unga «qaragan, bo‘ynini bo‘yniga solgan, ingichka-ingichka oyoqlari titrab turgan», «ko‘zlari katta-katta, kiyiknikiga o‘xshagan chiroyli» otidan birdaniga ayrilish Baxshillaning tabiatidan, hayoti mazmunidan juda katta narsani qo‘porib ketadi. Birdan uning qalbi, ichki va tashqi olami, ruhiyati bo‘mbo‘sh bo‘lib qolgandek, endi hayotning-da qizig‘i qolmagandek bo‘ladi. Mana shu holga tushgan kishining ko‘ngliga ovqatlanish yoki boshqa mashg‘ulot sig‘adimi?
Baxshilla maxsum do‘nan otining sadoqatini eslab nabirasi Toshtemirga qarata: «Mana do‘st, bolam, mana o‘rtoq!» – deyishi ham Siz-u bizni o‘ylatishi kerak. Chunki birga o‘sish, birga yurish, birga o‘qish-u birga o‘ynashning o‘zi hali odamlarning chinakam do‘st bo‘lishlari uchun yetarli emasdir. Do‘stlik har ikki tomondan beg‘araz fidoyilikni, samimiy tuyg‘ularni, eng muhimi – juda katta sadoqat va vafodorlikni talab etadigan mas’uliyatli burchdir.

Siz, masalan, bo‘lib o‘tgan hodisaning aybdorini topishga qiziqib qolishingiz mumkin, to‘g‘rimi? Qani, bu muammoni birgalikda muhokama qilamiz. «Aybdor» sifatida Baxshillaning akasini – qachondir Do‘nandan «o‘xshatib tepki yegan» bolani ko‘rsatish mumkinmi? Bir qaraganda, albatta mumkin. Lekin ismi bizga noma’lum akaning holini ham tushunishga harakat qilsak-chi? U ham xuddi Baxshillaga o‘xshagan o‘zining chiroyli oti bo‘lishini, shunday otni bir o‘zi parvarishlab, xohlaganida minib, ko‘pkarilarda choptirib yurishni xohlashi mumkin-ku.
O‘g‘il bola sifatida mana shunday orzusi bo‘lgan bolani birdan qoralashimiz qanday bo‘ladi? To‘g‘ri, uning bolaligiga borib otga g‘ayirlik qilishi, ukasining shuncha azob chekishiga sababchi bo‘lganini oqlash qiyin. Biroq u qilib qo‘ygan bu ishi qanday oqibatlarga olib kelishini oldindan bilmagan edi-da. Agar buni bilganida, rostdan ham ukasini yomon ko‘rganida, uning boshida ota-onasiga qo‘shilib yig‘lab, tezroq tuzalishini istab iztirob chekarmidi?
Xo‘sh, unda «aybdor» Baxshillaning otasimikin?
Otaning o‘z qadrdon do‘sti – mehmoniga otni berib yuborib, qanchalar iztirob chekkanini hammamiz his qilib turibmiz. Bir qaraganda u o‘g‘lini asrab qolish uchun otni olib ketgan odamning oldiga borib do‘nanni qaytarib olib kelishi mumkindek. Lekin u bu ishni qila olmaydi, hatto qishloq oqsoqoli fatvo (ruxsat) bersa ham qila olmaydi!
Nega?
Chunki o‘rtada ajdodlardan qolgan udum bor. Bu qishloqda aziz mehmonning ko‘ngliga yoqqan narsani unga berib yuborish
– avvaldan kelayotgan, barcha amal qiladigan qattiq odat sanaladi. Kasal bo‘lib qolgan o‘g‘lini o‘ylamagani uchun emas, balki shu odatga xiyonat bo‘lib qolmasligi uchun «dadam bu ishni qilolmayman, deptilar. Kelib hammasini aytib, boshimda yig‘ladilar: «Bolam, menga, o‘zingga, onangga rahming kelsin, o‘zingni asra», – dedilar».
Otani ayblashdan oldin behush farzandi ustida izillab yig‘layotgan, ikki o‘t orasida qolib bolasiga iltijo qilayotgan inson qalbidagi iztiroblarni tushunish va his qilish muhimroq, bizningcha.
Balki bor «ayb»ni qo‘shni qishloqdan kelgan mehmonga to‘nkarmiz. Axir u otni olib ketmaganida, bu ishlar bo‘lmas edida. Lekin bu mehmon ko‘ziga chiroyli ko‘ringan, otxonada yer tepinib, gijinglab turgan do‘nan otning Baxshilla degan bola uchun nihoyatda qadrli ekanini qayoqdan bilsin? Qolaversa, u ham otning shaydosi, yaxshi ot boqishni xush ko‘radigan, otning
tilini biladigan odam bo‘lishi mumkin-ku. Uyiga olib kelgan oti hech narsa yemay qo‘ygani, demakki, bu uyni xushlamaganini sezib ortga qaytarib keltirgani ham shundan dalolat bermaydimi?
Biz bekorga hayvonlarga nisbatan ham «nozik kechinmalar» degan iborani ishlatganimiz yo‘q. Chunki asarda, asosan, Baxshilla boshidan o‘tgan hodisalar hikoya etilayotgandek tuyulsa-da, xuddi shunday holatga do‘nan ot ham to‘la-to‘kis duchor bo‘lganini his qilish qiyin emas. Buni otning, xuddi egasi Baxshillaga o‘xshab, «ko‘zi bor» mehmonni o‘ziga yaqin yo‘latmay «menga tegma, nari tur» degandek chiyirilib yer tepinib turishidan, yot xonadonda hech ovqat yemagani, suv ichmagani, nuqul kishnayvergani, oxir-oqibat ozib, qovurg‘alari sanalib qolganidan ham bilsak bo‘ladi. Birgina farqi – agar Baxshilla bir kecha-yu bir kunduz yig‘lagan bo‘lsa, Do‘nan tinimsiz kishnaydi. Uning bu kishnashi jonivorning achchiq yig‘isi edi, desak to‘g‘ri bo‘lar harqalay.

«Do‘nan» asari, yuqorida ta’kidlanganidek, ko‘pni ko‘rgan qariya Baxshilla maxsum tilidan hikoya qilinadi. Shunga ko‘ra, yozuvchi qahramonining yoshi, tajribasi, o‘ziga xos gapirish uslubiga mos so‘zlar, iboralar tanlaydi, gaplarni og‘zaki nutqqa mos tarzda tuzadi. Buni birgina quyida keltirilgan parchada ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin:
«Matansoy degan soyimiz bo‘lardi, juda bug‘doy bitkuchiydi. Go‘ja olib chiqdim-u, birozgina mashoq tersin deb boshini qo‘yib yubordim. O‘zim g‘aram soyasida, g‘ir-g‘ir shabadada mast bo‘lib yotdim, nafas o‘tmay uxlab qolibman. Bir mahal uyg‘onsam, oftob og‘ib qolgan, Do‘nanboy, mashoq qayoqda, o‘sha turgan joyida hali ham bir xil holatda turipti».

Agar shu parchani adabiy tilning qoidalariga moslab tuzadigan bo‘lsak, mutlaqo boshqacha holat yuzaga kelishini Siz yaxshi bilasiz. Bunda, garchi, adabiy til qoidalari go‘yo to‘g‘rilansa-da, badiiy asar juda katta narsani yo‘qotishini ham sezib turibsiz. Chunki badiiy til har doim ham adabiy tilga to‘liq mos tushavermaydi. Ayniqsa, badiiy asar qahramoni tili, yuqorida ta’kidlanganidek, uning yashagan zamoni, yoshi, tajribasi, bilimi, kasbi, jinsi, dunyoqarashi va yana boshqa o‘nlab xususiyatlardan kelib chiqib shakllantiriladi. Buni teran his etgan yozuvchi o‘z asarida har bir qahramonning nafaqat tashqi ko‘rinishida, balki tili va gapirish uslubida ham o‘ziga xoslikni ta’minlashning uddasidan chiqqan.
Xulosa qilib aytganda, iste’dodli adib Turob To‘laning «Yetti zog‘ora qissasi» va undan joy olgan «Do‘nan» hikoyasi Siz-u bizning dunyoqarashimiz, didimiz, insoniy tuyg‘ularimiz boyishiga kuchli ta’sir qilishi bilan qadrlidir.


Adabiyot 6-sinf I kitobidan

Mundarija


Uzpedia.uz